O‘zbekiston | 16:24 / 02.04.2021
3236
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida O‘zbekiston tabiiy o‘simliklaridan tayyorlangan mahsulotlarni sotish tarmog‘i tashkil etiladi

O‘zbekiston elchisi Ulug‘bek Maqsudov milliy mahsulotlarning Saudiya bozoriga eksportini kengaytirish masalalarini muhokama qilish uchun Saudiya Arabistonining «Edweiat» kompaniyasi raisi Sulaymon As-Samariy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Mamlakat elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, «Edweiat» kompaniyasi podshohlikda tabiiy va organik mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanadi. Kompaniya rahbari Sulaymon As-Samariy esa O‘zbekistonda «Mehrigiyo» brendi ostida giyohlar va tabiiy o‘simliklardan tayyorlangan turli mahsulotlarni Saudiya Arabistonidagi dileri etib tayinlangan.
 
Sulaymon As-Samariy «Mehrigiyo» kompaniyasi mahsulotlariga katta qiziqish bilan qarashi bejiz emasligini ta'kidladi. «Kompaniya kichik korxona shaklida tashkil etilgan bo‘lib, so‘ng fitoterapiya va muqobil tibbiyot sohasi mutaxassislari sa'y-harakatlarini birlashtirish, zamonaviy farmatsevtika va qadimiy Sharq tabobatining ilmiy yutuqlarini o‘zida mujassam qilgan. Hozirda ushbu brend O‘zbekistonning ichki bozorida hamda chet davlatlarda salomatlik va go‘zallik uchun ilg‘or mahsulotlarni taqdim etishga muvaffaq bo‘lmoqda», dedi u.

Muloqotda dastlabki bosqichda Ar-Riyod shahrida «Mehrigiyo» mahsulotlari savdosi uchun maxsus do‘kon tashkil etilishi va uning ochilish marosimi o‘zbek brendi asoschilari ishtirokida o‘tkazilishi ma'lum qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid