20:40 / 05.04.2021
11950

«O‘zbekneftgaz»: Ustyurt va Farg‘ona regionida istiqbolli yangi tabiiy gaz konlari ochildi (video)

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 18 noyabrdagi «Neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash uchun sohada bir qator ishlar bajarilmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

Jumladan, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev tashabbusi bilan uglevodorod xomashyosi bazasini to‘ldirish va qayta tiklash dasturi doirasida geologiya-qidiruv ishlari hududlar kesimida olib borilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ tarmog‘ida 2021 yilni «Geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish yili» deb e’lon qilinishi ham geologik ishlarni tizimli ravishda amalga oshirishda dasturul amal bo‘lib xizmat qilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ geologlari tomonidan «Geologlar kuni» kasb bayrami arafasida respublikamiz aholisi, iqtisodiyoti va uning rivojlanishi uchun o‘ziga xos tuhfa taqdim etildi.

Geologlarning tavsiyalariga asosan, joylardagi mutaxassislar bilan hamkorlikda «Quyi Surgil» koni hududidagi quyi yura yotqiziqlarining neftgazlilik istiqbollarini baholash uchun 5-sonli quduq 4305 metrgacha burg‘ilab tugatildi va quduq kesimida bir qancha istiqbolli qatlamlar borligi aniqlandi.

Quduqning 4100–4305 metr chuqurlikdagi 200 metrdan ortiq oralig‘ida olib borilgan tadbirlar natijasida kunlik 700 ming kub metr hajmda sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimlarini olishga erishildi.

Bundan tashqari, «Quyi Surgil» koni hududida navbatdagi 6-sonli qidiruv qudug‘ini burg‘ilashni amalga oshirish borasida tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Ustyurt regioni 16 ta quduqda ishlarni tashkillashtirish, 47 ming metrdan ortiq burg‘ilash ishlarini amalga oshirish hamda ushbu quduqlarda yil yakuni bilan 10.0 mlrd kub metr tabiiy gaz hamda 300 ming tonna gaz kondensati zaxiralarini o‘stirishni ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, geologlarning muvaffaqiyatli izlanishlari natijasida Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi faoliyati hududidagi «Chaqar» konidagi 4-sonli izlov quduqda olib borilgan burg‘ilash ishlari ham o‘z natijasini berdi.

Ushbu quduqda 2400 metrdan 2143 metr chuqurlikgacha yura davri yotqiziqlari burg‘ilandi.

Yura yotqiziqlarining neftgazlilik istiqbolini aniqlash maqsadida 2021 yil 3 aprel kuni 2143–2106 metr chuqurlikda, ochiq stvolda sinash ishlarini o‘tkazish natijasida sanoat ahamiyatidagi tabiiy gaz oqimi olindi.

2021 yilga mo‘ljallangan geologiya-qidiruv ishlari Dasturi doirasida «Chaqar» konida aniqlangan mahsuldor qatlamni o‘rganish maqsadida navbatdagi 5-sonli qidiruv qudug‘ida ham burg‘ilash ishlari olib boriladi.

Ushbu quduqlardan olingan tabiiy gaz oqimlari Ustyurt va Andijon regioni bo‘yicha 2021 yilda «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan tabiiy gaz zaxiralarini o‘stirishni ta’minlashi bilan bir qatorda, Respublika uglevodorod xomashyo bazasini qayta to‘ldirish va rivojlantirish borasidagi vazifalarni o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati 

Top