O‘zbekiston | 10:36 / 07.04.2021
8216
2 daqiqa o‘qiladi

«Sotilgan tovar qaytarib olinmaydi» yozuvi noqonuniy hisoblanadi - agentlik

“Sotilgan tovar qaytarib olinmaydi” yozuvi noqonuniy hisoblanadi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida iste'molchi huquqlarini himoya qilish uchun 5ta tartib mavjud.

Ular:

  • tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
  • tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini qayta hisob-kitob qilish;
  • tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste'molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
  • xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;
  • shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.

“Agar nuqsonlar aniqlangan bo‘lsa, tovarning kafolat muddati yoxud yaroqlilik muddati mobaynida, kafolat muddati va yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha olti oy mobaynida, mavsumiy tovarlar uchun O‘zbekiston hukumati tomonidan belgilangan muddat mobaynida iste'molchi mazkur huquqlarini ro‘yobga chiqarishi mumkin”, deyiladi agentlik ma'lumotida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid