«Hokimlar qattiq turishmayapti» - Prezident viloyatlarning birinchi rahbarlari ham ishdan olinishi mumkinligi haqida gapirdi
Prezident viloyat hokimlarini qo‘l ostidagi amaldorlarni ishlata olmaslik oqibatlaridan ogohlantirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini ta'minlash dasturi ijrosi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Davlat rahbari yig‘ilishni keskin tanqidiy ruhda boshladi.
«Hamma hudud va sektor rahbarlari bir haqiqatni tushunib olishlari shart. Yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadi va xarid qobiliyatini oshirish uchun, hududiy va yalpi ichki mahsulot barqaror o‘sishini ta'minlash, barchamizning eng ustuvor vazifamizdir.
Bu ishlarni, albatta, tadbirkorlar amalga oshiradi. Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamasak, yordam bermasak, mahalliy budjet bo‘lmaydi-ku, ish o‘rni yaratilmaydi-ku?» degan prezident.
Prezident joylardagi rahbarlar tomonidan tadbirkorlikka to‘siqlar saqlanib qolayotganini tanqid qilgan.
«Ayniqsa tumanlarda, shaharlarda rahbarlar bu masalani tushunmayapti. Ko‘p joylarda tadbirkorlarga to‘siqlar, korrupsiya bo‘lmasa, yanayam tezroq rivojlanamiz.
Viloyat hokimlari qattiq turishmayapti, ishlamaganni ishdan olmayapti. Agar sizlar ishdan olmasangiz, men sizlarni ishdan olaman. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlamagan rahbar rahbar emas.
Bir hafta Qashqadaryoda yurgan bosh vazir o‘rinbosari Musayev qancha faktlarni ochib keldi. Qancha mablag‘lar talon-toroj qilingan, ishlamagan odamlarga maosh yozilgan. Qancha pul bermaylik, sharoit yaratmaylik, quyi pog‘onadagi rahbarlar vaziyatni tushunmas ekan, og‘ir paytlarda, pandemiya sharoitida qilgan shuncha harakatlarimiz zoye ketaveradi.
Bugun juda ko‘p odamni ishdan olamiz, sizlar siyosatni tushunmayapsizlar», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Prezident uch oyda o‘zgarish bo‘lmasa, birinchi rahbarlar - viloyat hokimlari ham ishdan olinishi haqida ogohlantirgan.
Mavzuga oid
17:37 / 16.11.2024
Uy sharoitida tirik pilla yetishtirganlar daromad solig‘idan ozod qilinadi
18:32 / 04.11.2024
Tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi
11:00 / 30.10.2024
O‘rta tadbirkorlik sub’yektlari 9 oyda qancha soliq to‘lagani aytildi
18:19 / 21.09.2024