14:17 / 08.04.2021
4788

Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi «Farg‘ona issiqlik elektr markazi»da bo‘ldi

Elektr energiyasisiz bugungi jamiyat taraqqiyotini tasavvur etib bo‘lmaydi. Uyda deysizmi yoki ishxonada, elektr energiyasi inson uchun qulay sharoit yaratadigan ajralmas yordamchiga aylandi.

Taraqqiyotning keyingi bosqichida elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalari soni ortib borayotganiga qaramasdan, jahonning ko‘plab mamlakatlari, shu jumladan, O‘zbekistonda ham sohaning «eng og‘ir yuki»ni issiqlik elektr stansiyalari tortib kelmoqda. Yurtimizda jami elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmidagi issiqlik elektr stansiyalarining umumiy hissasi qariyb 85 foizni tashkil qiladi.

Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama «Farg‘ona issiqlik elektr markazi» jamiyatida bo‘lib, «Issiqlik elektr stansiyalari» jamiyati tashabbusi bilan Yaponiya va O‘zbekiston hamkorligida amalga oshirilgan loyiha bilan tanishdi.

Korxonaga tashrif buyurgan martabali mehmon Farg‘ona shahar hokimligi hamda «Farg‘ona issiqlik elektr markazi» rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda qatnashdi. Unda «Farg‘ona issiqlik elektr markazi» AJ direktori Erkinjon Hamidov so‘z olib, mehmonlarni Yaponiyaning «NEDO» korxonasi bilan hamkorlikda yuqori samarali texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirgan ishlar bilan tanishtirdi. Elchi Yoshinori Fujiyama sohadagi hamkorliklar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish va do‘stona aloqalarni mustahkamlashda xizmat qilishini ta'kidladi.

Farg‘ona shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayev martabali mehmonga o‘z tilaklarini bildirib esdalik sovg‘alarini topshirdi.   

 Eslatib o‘tamiz, 2016 yilda Yaponiya «NEDO» korxonasining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, «Farg‘ona IEM» AJ korxonasi hududida bitta 17 MVt quvvatli va Farg‘ona shahar qozonxonasi RK – 3 yonida bitta 7 MVt quvvatli yuqori samarali kogeneratsion gaz turbinalari texnologiyalarini tatbiq etish loyihasi yuzasidan 2017 yil 21 fevralda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining PQ – 2794 sonli «Farg‘ona IEM hududida va Farg‘ona shahar qozonxonasi RK-3 yonida yuqori samarali kogeneratsion gaz turbina qurilmalari texnologiyasini tatbiq etish choralari to‘g‘risida»gi qarori tasdiqlangan edi.

Ushbu qarorga muvofiq, loyiha tashabbuschisi etib «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ, loyiha buyurtmachisi «Farg‘ona IEM» AJ, bosh loyihachi «Issiqlikelektrloyiha» AJ hamda bosh pudratchi etib «O‘zbekgidroenegoqurilish» AJ belgilangandi. Loyihaning umumiy qiymati – 83 626,3 ming AQSh dollari bo‘lib, shundan Yaponiya davlatining grant qiymati – 49 563,8 ming AQSh dollari,  qolgan 34 062,5 ming AQSh dollari «Issiqlik elektr stansiyalari» AJning o‘z mablag‘lari hisobidan bajarilishi belgilab qo‘yilgan.

 «GTU-17MVt» obekti bo‘yicha 2019 yili kogeneratsion gaz turbina qurilmasi butlovchi qismlari bilan Yaponiya davlati tomonidan to‘liq yetkazilib berildi va montaj ishlari amalga oshirildi. 2020 yilda loyihada rejalashtirilgan barcha bino va inshootlar to‘liq bitkazildi va gaz turbina qurilmasi 2020 yil dekabr oyida muddatidan oldin ishga tushirildi. Ayni paytda to‘liq quvvatda ishlab, Qirguli mavzesi aholisi va ijtimoiy soha obektlariga issiqlik energiyasi yetkazib berib, tarmoqqa elektr energiyasini uzatib kelmoqda.

Elchi Yoshinori Fujiyama «Farg‘ona issiqlik elektr markazi»dagi «GTU-17MVt» obekti va unda ish olib borayotgan mutaxassislar faoliyati bilan tanishdi.

Mavzuga oid
Top