O‘zbekiston | 15:14 / 13.04.2021
6441
3 daqiqa o‘qiladi

Devor oqlayotgan va g‘isht terayotgan Qo‘qon shahar hokimi: u o‘zi haqidagi gap-so‘zlarga munosabat bildirdi 

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahar hokimi Ma'rufjon Usmonovning shahardagi ehtiyojmand oilalar devorini oqlayotgan va uy qurilishida g‘isht terayotgan fototasviri e'lon qilindi. Hokimning ushbu ishi internetning faol foydalanuvchilari tomonidan turli xil muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shahar hokimi Ma'rufjon Usmonov o‘zi haqidagi gap-so‘zlarga munosabat bildirdi. 

Qo‘qon shahar hokimligida Farg‘ona viloyatida faoliyat olib borayotgan jurnalist va blogerlar uchun shahar hokimi Ma'rufjon Usmonov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga shahar hokimidan javob oldilar. Jumladan, Kun.uz muxbiri hokim Ma'rufjon Usmonovning o‘zidan shahardagi ehtiyojmand oilalar devorini oqlayotgan va uy qurilishida g‘isht terayotgan fototasviri bo‘yicha munosabat so‘radi. 

Muxbirning savoliga javob qaytargan Ma'rufjon Usmonov odamlarni dangasa bo‘lib qolganlikda aybladi:

«Odamlar hattoki o‘zining devorini oqlashga, ko‘zi ko‘rib, ko‘ngli xijil bo‘layotgan bo‘lsa ham, o‘ziga yoqmayotgan bo‘lsa ham bir paqir ohakni olib kelib oqlashga erinadigan bo‘lib qoldi. Bu afsus...

O‘sha yerdan o‘tayotgan qo‘li bo‘sh, tadbirkor odam ham o‘sha ehtiyojmandga yordam berishni o‘ziga ep ko‘rmay qoldi. Ayrimlar-da...

Azaldan hashar usuli bizda eng katta usul bo‘lib kelgan. Mana shu qadriyatlarimizni tiklash, odamlarda mehr-e'tiborni yanada kuchaytirish, ko‘rgan narsasiga befarq bo‘lmaslikni shakllantirishni hokimlik vazifamdagi asosiy vazifam deb hisoblayman», — deya ta'kidladi shahar hokimi. 

Shuningdek, Ma'rufjon Usmonov o‘sha kungi hashar ishida bir qator devorni to‘liq oqlaganini, g‘isht terish ishida esa ikki qator g‘ishtni terib berganini aytib o‘tdi. 

«Qolgan g‘ishtlarni usta mutaxassislarning o‘zlari davom ettirishdi. Katta uy poydevori bo‘lgani uchun qolganini ustalarning o‘zlariga qoldirdik, lekin ketmasdan ko‘proq ustalarga yordamlashdik. Men g‘ishtini olib kelib berib turdim», — deya fikrini yakunladi Ma'rufjon Usmonov.
 

Mavzuga oid