O‘zbekiston | 09:02 / 13.04.2021
5818
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyati «to‘rtligi» tadbirkorlar bilan uchrashdi

Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati

Prezident 8 aprel kuni tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Navoiy viloyatidagi 7 mingdan ortiq tadbirkorlar muammolari yechilmayotgani, ular faoliyatiga to‘sqinlik bo‘layotgani, hududdagi 10 ta kichik sanoat zonasining 72 gektar yoki 66 foiz yeriga birorta loyiha joylashtirilmagani haqida aytib o‘tgandi

12 aprel kuni Navoiy shahridagi «Yoshlar markazi»da viloyat sektorlar rahbarlari tadbirkorlar bilan uchrashdi. Navoiy viloyati «to‘rtligi» – viloyat hokimi Qobul Tursunov, viloyat prokurori Baxtiyor Ahmedov, viloyat IIB boshlig‘i Azat Tasbayev va viloyat DSB rahbari Anvar Botiraliyev qariyb 5 soat davomida shahar va tumanlardan kelgan tadbirkorlarning muammolarini hal qilish choralarini ko‘rishdi.

Ochiq muloqotda 150 nafarga yaqin tadbirkor ishtirok etib, o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolari va takliflarini bildirdi. Murojaatlar asosan imtiyozli mablag‘ va yer ajratish, elektr energiyasi hamda tabiiy gaz masalalarida bo‘ldi.

Avvalroq, prezident Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov va viloyat prokurori Baxtiyor Ahmedovga “hayfsan” berib, hokimning birinchi o‘rinbosari Odil Hasanov, Markaziy bank viloyat boshqarmasi boshlig‘i Islombek Saidov hamda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Inoyat Muhammadiyevni lavozimidan ozod etgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid