O‘zbekiston | 17:38 / 08.04.2021
34902
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo va Navoiy viloyatlari hokimlariga hayfsan berildi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, viloyat prokurori Tojiyev, ichki ishlar boshlig‘i Sotvoldiyevga, Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov va viloyat prokurori Ahmedovga hayfsan berildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik masalalariga bag‘ishlangan videoselektor chog‘ida ma'lum qildi.

Yig‘ilishda Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida kichik biznes ishlab chiqargan sanoat mahsulotlari hajmi respublika ko‘rsatkichidan ikki barobar kamligi tanqid qilingan.

Davlat tomonidan berilgan har 1 milliard so‘m moliyaviy ko‘mak hisobiga Navoiyda bor-yo‘g‘i 15ta ish o‘rni yaratilgani ma'lum bo‘ldi.

«Misol uchun, salohiyati yuqori bo‘lgan Qashqadaryo viloyatida kichik biznes ishlab chiqargan sanoat mahsulotlari hajmi aholi jon boshiga atigi 1,9 million so‘mga to‘g‘ri kelib, bu – respublika ko‘rsatkichidan 2 baravar past (3,5 million so‘m).

Qashqadaryoda aholi jon boshiga yillik xizmat ko‘rsatish hajmi 3 million so‘mdan oshmagan yoki boshqalardan 2 baravar kam.

Ushbu viloyatda har ming nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes sub'yektlari soni atigi 4ta, ularda ishlovchilar soni 16 nafardan iborat (respublikada har ming aholiga 6ta tadbirkorlik sub'yekti va ularda ishlovchilar soni 30 nafarni tashkil qiladi).

So‘nggi yillarda 6 nafar tadbirkor olib kelgan 10 mln dollarlik uskunalar ishlatilmagan.

Yoki, Navoiy viloyatidagi 7 mingdan ortiq tadbirkorlar (24 foiz) muammolar yechilmayotgani, ular faoliyatiga to‘sqinliklar bo‘layotgani haqida murojaat qilgan. Bu – hududlar ichida eng salbiy ko‘rsatkich.

Navoiydagi jami 10ta kichik sanoat zonasining 72 gektar yoki 66 foiz yeriga birorta loyiha joylashtirilmagan.

Shuningdek, Navoiyda har bir kichik biznes sub'yekti tomonidan yiliga 1 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, soliq tushumi 30 million so‘mni tashkil etgan (Andijon, Jizzax, Samarqandda yiliga 2 milliard so‘mlik mahsulot, 50 million so‘m soliq tushumi)», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid