Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Suvaysh kanali boshqarmasi Ever Given kemasini rasman xatladi
Suvaysh kanalidagi harakatni bir haftaga to‘xtatib qo‘ygan Ever Given konteynerovozi rasman xatlandi. Bunga esa kemani yollagan kompaniya kanalda yuz bergan hodisadan ko‘rilgan zarar uchun tovon puli to‘lashda hayallayotgani sabab hisoblanadi. Bu haqda kanal boshqarmasi boshlig‘i Usoma Robi ma'lum qildi.
Robi kanaldagi sayozlikdan chiqarib olingan va Katta Achchiq ko‘lga yetkazilgan kema tergov tadbirlari yakunlanmaguncha, ko‘rilgan zarar uchun tovon puli belgilanib, u bo‘yicha kema egasi hamda uni yollagan kompaniya bilan kelishuvga kelinmaguncha o‘z yo‘lini davom ettira olmasligini bir necha marotaba ta'kidlab o‘tgan. Boshqarma ko‘rilgan umumiy zararni 1 mlrd dollarga baholangan.
“Ever Given kemasi uni yollagan kompaniya tovon pulini to‘lashda hayallayotgani sababli rasman xatlandi. Payshanba kuni (15 aprel) kema bilan yuz bergan hodisa bo‘yicha maxsus komissiyaning tergovi natijalari e'lon qilinadi. Kemani xatlash qarori masalani hal qilish bo‘yicha muzokaralar yakunlanganini anglatmaydi”, deb ma'lum qilgan Robi.
Uning ta'kidlashicha, kemani yollagan kompaniya ko‘rilgan zarar qiymati, jumladan, kanal orqali harakatlanishning 6 kunga to‘liq to‘xtab qolishidan ko‘rilgan zarar, kanalga yetkazilgan moddiy zarar hamda kemani sayozlikdan chiqarish bo‘yicha sarf-xarajatlarning 90 foizini to‘lashni o‘z zimmasiga olgan. Ushbu qiymat umumiy hisobda 900 mln dollarga yaqinni tashkil qiladi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, kemani yollagan kompaniya zararni qoplashni cho‘zayotgani sababli kanal boshqarmasi Ismoiliya shahrining iqtisodiy va xo‘jalik masalalari bo‘yicha sudiga murojaat qilgan. Sud 900 mln dollar tovon puli to‘lanmaguncha, kemani xatlash bo‘yicha qaror qabul qilgan. Shuningdek, kemani yollagan kompaniyaga Suvaysh kanali boshqarmasi zarariga kemani boshqarish taqiqlangan.
Kanal boshqarmasidagi manbaning xabar qilishicha, kema ekipaji sud qaroridan xabardor qilingan va uni 13 apreldan ijro etishi kerak bo‘ladi.
Manbaning qo‘shimcha qilishicha, hozirda gap kanal boshqarmasi kanalning to‘silishi va uning oqibatlaridan ko‘rgan zarar, qutqaruv operatsiyasi va kemani ta'mirlashga ketgan xarajatlar haqida bormoqda. “Kanal to‘silishi oqibatida yuklarning yetkazilishidagi kechikish uchun kemalar egalari va kemachilik kompaniyalariga to‘lanadigan tovon puli alohida ko‘rib chiqiladi. Ular bu masalada kemani yollagan kompaniya va uning egasi bilan o‘zlari kelishadilar. Shubhasiz, jarayonga sug‘urta kompaniyalari ham jalb qilinadi, biroq bu huquqshunoslar jalb qilinishini talab qiluvchi murakkab huquqiy jarayon hisoblanadi”, deb ta'kidlab o‘tgan manba.
Eslatib o‘tamiz, 23 mart kuni uzunligi 400 metrga teng Ever Given kemasi Suvayshda sayozlikka o‘tirib qolib, kanal orqali harakatni to‘xtatib qo‘ygandi. Uni 29 mart kuni sayozlikdan chiqarishga muvaffaq bo‘lingan. Shundan keyin kanalda harakat tiklangan.
Mavzuga oid
21:40 / 08.01.2025
Misr Suvaysh kanalining yangi tarmog‘ini sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazdi
11:36 / 26.01.2024
BMT: Suvaysh kanali orqali savdo qilish hajmi 42 foizga kamaydi
22:49 / 13.12.2023
Isroil Ben Gurion kanali loyihasiga qaytishi mumkinmi?
13:45 / 08.04.2023