Jahon | 22:15 / 15.04.2021
14282
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiyaning Qora dengizning bir qismini yopish to‘g‘risidagi rejasiga norozilik bildirdi

Kiyev xalqaro sheriklarni Moskvaga nisbatan siyosiy-diplomatik bosimni kuchaytirishga chaqirgan.

Foto: EPA

Ukraina tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Qora dengizning bir qismini vaqtincha yopish to‘g‘risidagi rejasiga nisbatan norozilik bildirdi.

«Rossiya harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish bahonasida kelgusi haftadan Qora dengiz akvatoriyasining bir qismini Kerch bo‘g‘ozi yo‘nalishida boshqa mamlakatlarning harbiy kemalari va kemalari uchun 2021 yilning oktyabrigacha yopishini e'lon qildi», — deyiladi Ukraina TIV bayonotida.

Bayonotda aytilishicha, bu BMT konvensiyasi bilan kafolatlangan xalqaro huquq va kemalar erkinligi huquqi normalarini buzishga urinish hisoblanadi.

Kiyev xalqaro sheriklarni Moskvaga nisbatan siyosiy-diplomatik bosimni kuchaytirishga chaqirgan.

14 aprel kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin mudofaa vazirligiga Azov dengizidagi Taganrog ko‘rfazi akvatoriyasining bir qismini 20 yil davomida foydalanish uchun taqdim etish to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi.

Avvalroq Rossiya mudofaa vazirligi Qora dengizga 10dan ortiq kater va kemalarini jo‘natgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid