Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiyada sakkiz kishi AstraZeneca bilan emlanganidan keyin vafot etdi
Fransiyada AstraZeneca kompaniyasining koronavirusga qarshi preparati bilan emlashdan so‘ng yuzaga kelgan tromboz tufayli sakkiz kishi vafot etdi, deb xabar qildi Dori vositalari xavfsizligi milliy agentligi (ANSM).
Tashkilot ma'lumotlariga ko‘ra, 2 apreldan 8 aprelgacha mutaxassislar tomonidan trombozning atipik lokalizatsiyasi bo‘yicha to‘qqizta yangi holat, shuningdek, izolyatsiyalangan tomir ichi qon ivishining ikkita holati qayd etildi.
Fransiyada aholini emlash boshlanganidan beri, emlangan fuqarolarda tromb bo‘yicha 23ta holat qayd etildi, shulardan sakkiztasi o‘lim bilan yakun topdi.
Ta'kidlanishicha, Fransiyada AstraZeneca kompaniyasining preparati bilan faqat 55 yoshdan oshgan kishilarni emlashga ruxsat berilgan.
Avvalroq, 15 aprel kuni Daniya Vaxzevria koronavirusga qarshi vaksinasidan butunlay voz kechgani va barcha aholi guruhlari uchun AstraZeneca preparatidan foydalanishni taqiqlagan birinchi Yevropa davlatiga aylangani ma'lum bo‘ldi.
Xuddi shu kuni Italiyada AstraZeneca preparati bilan emlanganidan keyin tromboz natijasida to‘rtta o‘lim holati qayd etilgani ma'lum bo‘ldi.
14 aprel kuni Yevropa komissiyasi 2022 yilda AstraZeneca va Johnson & Johnson kompaniyalari bilan koronavirusga qarshi vaksinalar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni uzaytirmasligi haqida xabar berildi. Yevropa ittifoqi vektorli vaksinalar o‘rniga RNK vaksinalarni qo‘llamoqchi.
Yevropa tibbiyot vositalari agentligi (EMA) vakili Marko Kavaleri AstraZeneca preparati bilan emlash hamda tromboz o‘rtasidagi bog‘liqlikni tasdiqladi. Biroq, uning ta'kidlashicha, regulyator vaksinadan foydalanish trombozni aynan qanday keltirib chiqarishini to‘laligicha aniqlamagan.
EMA shuningdek, tromblar paydo bo‘lishi xavfini preparatning kam uchraydigan asoratlari ro‘yxatiga kiritishni talab qildi, ammo vaksinaning foydasi xavfdan ancha yuqori ekanligini tan oldi.
AstraZeneca’ning o‘zi tromblar paydo bo‘lishiga aynan vaksina sabab bo‘lgani borasida hech qanday dalil yo‘qligini ma'lum qilgan.
Mavzuga oid
08:59 / 15.06.2026
Zelenskiy G7 sammitida Tramp bilan uchrashishini ma’lum qildi
20:32 / 13.06.2026
O‘zbekistonliklar uchun Fransiyada mavsumiy ish taklif etilmoqda
10:08 / 11.06.2026
Yonilg‘i narxlari oshishi Yevropada elektromobillarga talabni kuchaytirdi
10:40 / 09.06.2026