Jahon | 22:41 / 20.04.2021
4898
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston bo‘yicha Istanbul anjumani «Tolibon»ning rad javobi sababli keyinga ko‘chirildi

Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni bo‘yicha aprel oxirida Istanbulda o‘tishi kerak bo‘lgan xalqaro anjuman kechroq muddatga ko‘chirildi. Al Jazeera telekanali Afg‘onistonning milliy yarashuv bo‘yicha oliy komissiyasidagi manbaga tayanib xabar berishicha, bunga «Tolibon» vakillarining anjumanda ishtirok etishdan bosh tortgani sabab bo‘lgan. 

Avvalroq toliblarning rasmiy vakili Zabihulla Mujohid «Tolibon» tashqi aralashuv sababli anjumanda ishtirok etishdan bosh tortganini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, «Istanbul uchrashuvi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish uchun muhim hisoblanadi», biroq toliblar «ba'zi xorijiy davlatlar Afg‘oniston ishlariga aralashayotgani sababli uni boykot qilishdi».

24 apreldan 4 maygacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan Istanbuldagi anjumanga Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» vakillari taklif qilingandi. Biroq toliblar Afg‘onistondan barcha xorijiy kuchlar olib chiqib ketilmaguncha, Afg‘oniston bo‘yicha qarorlar qabul qilinadigan birorta anjumanda ishtirok etmasliklarini aytishgan.   

Avvalroq anjumanga 21ta davlat, jumladan, O‘zbekiston ham taklif qilingani ma'lum qilingandi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid