O‘zbekiston | 21:55 / 20.04.2021
16723
3 daqiqa o‘qiladi

Amaldorning mahallasi asfalt. Bu dastur asosida bo‘ladimi yo og‘zaki topshiriqlar?

Bugun, 20 aprel kuni Avtomobil yo‘llar qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbir davomida O‘zbekistondagi katta lavozimda ishlovchi ayrim amaldorlarning qishlog‘i yoki mahallasiga eltuvchi yo‘llar yaxshi ta'mirlangan, asfalt qilingan holatda bo‘lishi, o‘sha hududga yaqin boshqa yo‘llar esa ta'mirtalab qolaverishi borasida mas'ullarga savol bilan murojaat qilindi.

«Xo‘sh, bunday yo‘llarning hammasi ham avvaldan rejalashtirilgan qonuniy dasturlar asosida bo‘ladimi yoki bu borada yo‘l qurilish korxonalariga noqonuniy, og‘zaki topshiriqlar ham beriladimi?» – dedi Kun.uz muxbiri.

Avtomobil yo‘llar qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Otanazar Jumaniyozovning savolga javoban aytishicha, O‘zbekistonda 2017 yildan boshlab ichki yo‘llarga e'tibor oshgan.

«Ichki yo‘llarni ta'mirlash talabi asosan mahalladan chiqadi. Mahalla raisi birinchi navbatda ta'mirtalab ko‘chasini aniqlab, mahalliy hokimlikka taklif beradi.

«Mening 24ta ko‘chamdan 4tasi ta'mirtalab», – deb ma'lumot berganidan keyin, tuman hokimi takliflarni umumlashtirib viloyatga yuboradi. Viloyat esa respublikaga. Shundan keyin yo‘l dasturga kiritiladi.

Prezident topshiriq berdiki, shu yildan boshlab har bir ta'mirlanadigan yo‘l mahalliy deputatlik kengashlarida tasdiqlanishi kerak», – dedi Jumaniyozov.

«Siz barcha yo‘l qurilish ishlari dastur asosida bo‘ladi deyapsiz. Lekin bu qanday dasturki, qaysidir amaldorning uyida qandaydir ma'raka bo‘lib qolsa, o‘sha kuni tundayoq yo‘llar asfalt bo‘lib qolaveradi?»

Qo‘mita mutasaddisiga berilgan navbatdagi savol shu mazmunda bo‘ldi.

Qo‘mita mutasaddisining aytishicha, tumanlardagi ichki yo‘llar mahalliy hokimliklar balansidagi yo‘llar hisoblanadi. Shu bois bu kabi ishlarga ham mahalliy hokimliklar javobgar.

«Yo‘llarning hammasi egallangan. Egasi bor. Men yuqorida aytib o‘tdim, bizga faqat umumfoydalaniladigan 42 ming 869 km yo‘llar qaraydi. Qolgan hammasi mahalliy hokimliklar balansidagi yo‘llar. Siz aytayotgan ko‘cha va yo‘llarning hammasi ularda. Bu kabi holatlar qanday bo‘lganiga men javob berolmayman. Lekin ular bizning yo‘llar emas», –  dedi Otanazar Jumaniyozov.

Mavzuga oid