O‘zbekiston | 11:13 / 20.04.2021
8975
3 daqiqa o‘qiladi

Nuroboddagi olis hududda dars berayotgan o‘qituvchilar «Xalq ta'limi a'lochisi» bo‘ldi

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi olis hududdagi maktabda dars berayotgan buxorolik o‘qituvchilar oilasini “Xalq ta'limi a'lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.

Vazirning ma'lum qilishicha, 1,5 stavka dars soati olgan, oliy yoki birinchi toifali CEFR sertifikatiga ega ingliz tili o‘qituvchisi olis hududdagi “qizil” maktabda dars o‘tsa 10 mln atrofida maoshga ega bo‘lish bilan birga, yillar davomida ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lmagan shunday maktab o‘quvchilarining kelajagiga juda katta hissa qo‘shadi.

“Nurobod tumanining olis hududida yillar davomida ingliz tili darsi o‘tilmagan “qizil” maktabga buxorolik er-xotin ingliz tili o‘qituvchilari sifatida kelgani ushbu maktab o‘quvchilari uchun ta'lim sifatini oshirishga ko‘mak berishni boshlaganining guvohi bo‘lib, ularga minnatdorchilik sifatida “Xalq ta'limi a'lochisi” ko‘krak nishonini topshirib keldik. Shunday fidoyi o‘qituvchilarimiz ko‘paysa, albatta, ta'lim sifati past maktablarda ham ijobiy o‘zgarishlar tezroq bo‘ladi”, deya ta'kidlagan Sherzod Shermatov.

Shuningdek, vazir Nurobod tumanining olis hududlariga borib ishlayotgan boshqa yosh o‘qituvchilar bilan ham uchrashganini va ular orasida Toshkent shahrining Chilonzor tumanidan kelgan o‘qituvchi ham borligini yozdi. Bu yerga kelgan o‘qituvchilarning deyarli hammasi 1,5 stavkadan dars beradi. Chunki vakant soatlar anchagina.

Xalq ta'limi vaziri o‘z uyini, qulay sharoitini tashlab kelgan bu o‘qituvchilarga minnatdorchilik bildirgan va kelgusida shu kabi niyat qilib boradigan o‘qituvchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish uchun “Yangi O‘zbekiston ustozlari” loyihasi orqali markazlashgan ravishda hujjat topshirishi uchun imkoniyat yaratib, murojaat telefonlari ishga tushirilganini aytgan.

Sherzod Shermatovning qayd etishicha, Nuroboddagi mazkur maktabga Samarqand shahridan 3 soatlik yo‘l bosiladi. Ayni paytda o‘quvchilari soni ko‘paygani uchun maktabga qo‘shimcha bino va sportzal ham qurish kerak, lekin hozirgi kundagi eng yaxshi sarmoya aynan malakali o‘qituvchilarning kelishi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz muxbiri mazkur oila bilan bog‘lanib ularning yashash tarzi, olis hududda ish boshlashda duch kelgan qiyinchiliklari va maoshlari haqida ma'lumot olgan edi.

Mavzuga oid