O‘zbekiston | 11:02 / 21.04.2021
9394
3 daqiqa o‘qiladi

Ish beruvchilarga 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi to‘liq qaytarib beriladi

Prezident “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularni doimiy ish bilan band qilish, qo‘shimcha daromad olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha quyidagi tartib joriy qilinadi, unga muvofiq:

a) 2021 yil 1 maydan boshlab:

  • 2023 yil 1 yanvarga qadar ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat budjetidan to‘liq qaytarib beriladi. Bunda, ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi;
  • “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan subsidiya ajratiladi;
  • “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub'yektlariga davlat mulkini ijaraga olishda ijara to‘lovlaridan imtiyozlar taqdim etiladi;

b) 2021 yil 1 iyundan boshlab:

  • “Yoshlar daftari”ga kiritilgan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bino va inshootlarni ijaraga olgan yosh tadbirkorlarga bir yillik ijara xarajatlarining 30 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha bo‘lgan miqdori “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan kompensatsiya qilinadi;
  • professional ta'lim tashkilotlarida tahsil olayotgan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga ular ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish korxonalarida amaliyot o‘tagan vaqtida, biroq olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda professional ta'lim tashkilotlari tomonidan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida har oylik subsidiya ajratiladi.

Moliya vazirligi ikki hafta muddatda o‘zi, yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlari yoki eri (xotini) professional ta'lim muassasalarida ta'lim olishi uchun yo‘naltiriladigan soliq to‘lovchining ish haqi va boshqa daromadlari summasini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid