Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oq uy AQSh Lukashenkoni yo‘q qilmoqchi bo‘lganini rad etdi
Oq uy matbuot kotibi Jyen Psakining ta'kidlashicha, AQSh hukumatini Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga suiqasd qilmoqchi bo‘lganlikda gumon qilishga hech qanday asos yo‘q.
«Bunday ayblovlar qo‘yishga hech qanday asos yo‘qligini tasdiqlashim mumkin», deb javob qilgan Psaki jurnalistlarning ushbu vaziyatga izoh berish iltimosiga javoban.
Belarus yetakchisi 17 aprelda unga va uning o‘g‘illariga suiqasd qilishmoqchi bo‘lgani va bunga AQSh maxsus xizmatlari aloqadorligini aytgan. Lukashenkoning ta'kidlashicha, uni yo‘q qilishni AQShning oliy siyosiy rahbariyati ma'qullagan.
O‘sha kuniyoq Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Belarusda 9 may kuniga rejalashtirilgan davlat to‘ntaruviga urinishning oldini olishda yordam berganini ma'lum qilgan.
Ta'kidlanishicha, Lukashenko va uning oilasiga suiqasd qilmoqchi bo‘lgan bir guruh shaxslar qo‘lga olingan. Guruhga belaruslardan tashqari, xorijiy fuqarolar ham kirgan. Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasida ushbu shaxslar nafaqat Lukashenkoni o‘ldirmoqchi bo‘lgani, balki hokimiyatni egallab olishni rejalashtirgani ma'lum qilingan.
21 aprelda Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb davlatlari Lukashenkoga tayyorlangan suiqasdni e'tiborsiz qoldirganini aytgan.
«Belarus prezidenti Lukashenko Aleksandr Grigorevichning siyosati borasida har qanday nuqtayi nazarga ega bo‘lish mumkin. Biroq davlat to‘ntaruvi amalga oshirish, siyosiy qotilliklar sodir etish, jumladan, davlat rahbarlariga suiqasdlar rejalashtirish – bu endi haddan tashqari. Barcha chegaralardan chiqib ketishdi», deb aytgan Putin.