Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston hukumati tomonidan olib borilayotgan tashqi qarz, oltin-valuta zaxiralarini ushlab turish, pul-kredit va valuta siyosatlari hamda soliq islohotlari borasida tanqidiy fikrlar bir qator mustaqil ekspertlar tomonidan yangramoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti, iqtisodchi Xalilulloh Hamidov mustaqil ekspertlarni «xavotirlantirayotgan» va ko‘pchilikka qiziq bo‘lgan masalalar – tashqi qarz, oltin-valuta zaxiralari ko‘payishi va ulardan foydalanish, Markaziy bankning pul-kredit va valuta siyosati haqida to‘xtalib o‘tdi.

Xo‘sh, nima uchun oltin-valuta zaxiralari 2020 yilda 5,7 milliard dollarga ko‘payganidan keyin, 2021 yil 1-chorakda 2,2 milliard dollarga kamaydi? Nima uchun koronavirus inqirozi davrida tashqaridan qarz olindi, lekin oltin-valuta zaxiralari «yoqilmadi»? Markaziy bank almashuv kursini barqaror ushlab turibdimi? Markaziy bankning pul-kredit siyosati doirasida asosiy maqsadi nimalardan iborat?

Oltin-valuta zaxiralari va tashqi qarz

2020 yil boshidan hozirga qadar mustaqil ekspertlar tomonidan qayta-qayta ko‘tarilayotgan masalalardan biri – moliyalashtirish manbasi sifatida oltin-valuta zaxirasidan foydalanish va tashqi qarz masalasi bo‘lib qolmoqda. Ayrim iqtisodiy siyosat tanqidchilari mamlakatning budjetni va investitsiya dasturlarini moliyalashtirish uchun ichki imkoniyatlari bo‘la turib, tashqaridan arzon bo‘lmagan qarzlarni jalb qilishini iqtisodiy mantiq nuqtayi nazardan tushunarsiz, deb hisoblasalar, ayrimlari 2020 yilda yalpi tashqi qarzni 9,88 milliard dollarga (26,3 mlrd dollardan 36,2 mlrd dollarga) oshirmasdan, 5,73 milliard dollarga ko‘paygan oltin-valuta zaxiralaridan foydalanish «oqilona» yechim bo‘lar edi, degan xulosalarni berishdi.

Lekin, bir tomondan, tanqidchilar tashqi qarzlarning arzon emasligi bo‘yicha aniq hisob-kitoblarini taqdim etmagan bo‘lsalar, ikkinchi tomondan, ichki imkoniyatlari sifatida ko‘rsatayotgan oltin-valuta zaxiralari o‘zgarishini tahlil qilishda xatoliklarga yo‘l qo‘yishgan.

Xo‘sh, 2020 yilda oltin-valuta zaxiralari qaysi omillar hisobiga 5,7 milliard dollarga ko‘paygandan keyin, 2021 yil 1-chorakda 2,2 milliard dollarga kamaydi?

Birinchi navbatda, ta'kidlash kerakki, oltin-valuta zaxiralari o‘zgarishiga (ko‘payishi yoki kamayishiga) 4 xil omil ta'sir qiladi:

  • Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosati doirasida sterilizatsiya operatsiyalari amalga oshirilishi;
  • ishlab chiqaruvchilardan oltin sotib olinishi;
  • jahon bozorida oltin narxlari o‘zgarishi;