01:02 / 23.04.2021
7537

Abdulaziz Komilov AQSh davlat kotibi bilan telefonda gaplashdi

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

21 aprel kuni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan telefon orqali muloqot qilgan. Bu haqda TIV saytida xabar berildi.

Tomonlar O‘zbekiston – Amerika strategik sherikligining hozirgi holati va uni yanada chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qilgan.

Vazirlik saytida yozilishicha, AQSh tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarga yuqori baho bermoqda. Jumladan, odam savdosiga qarshi kurash va e'tiqod erkinligini ta'minlash sohasida erishilgan yutuqlar e'tirof etilgan.

Komilov va Blinken «C5+1» shaklidagi faol hamkorlikni davom ettirish muhimligini qayd etib, Afg‘onistonda mojarodan keyingi davrda ijtimoiy-iqtisodiy hayotni qayta tiklash uchun mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb qilish masalalariga to‘xtalgan.

Abdulaziz Komilov janob Blinkenni joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qilgan.

Top