Jahon | 21:36 / 23.04.2021
3461
2 daqiqa o‘qiladi

Myanmada harbiylar muxolifatning 26 yetakchisini hibsga olishga order berdi

Myanmada hokimiyatni qo‘lga olgan harbiylar muxolifatning 26 yetakchisi, avvalroq o‘zlarini milliy birdamlik hukumatining vazirlari deb e'lon qilgan siyosatchilarni hibsga olishga order berdi. Bu haqda Myanmaning davlat televideniyesiga tayanib Kyodo axborot agentligi ma'lum qildi.

Foto: AP

Milliy birdamlik hukumati Myanmada 1 fevralda davlat to‘ntaruvini amalga oshirgan harbiylarga qarshi kuchlarni birlashtirishni maqsad qilgan. Biroq qurolli kuchlar qo‘mondonligi ushbu tuzilmani noqonuniy deb hisoblamoqda. Ushbu hukumatning barcha 26 a'zosiga sirtdan davlatga xiyonat qilish ayblovlari bildirilgan. Myanma qonunlariga ko‘ra, ushbu ayblovlar bo‘yicha o‘lim jazosi ham berilishi mumkin.

 Myanmada milliy birdamlik hukumati tuzilgani 16 aprelda e'lon qilingan. Unga asosan muxolif partiyaga «Demokratiya uchun milliy liga»ning ozodlikda qolgan rahbarlari kirgan.

 Myanmaning harbiy rahbariyati 1 fevralda to‘ntaruv amalga oshirib, mamlakatning qonuniy rahbariyatini hokimiyatdan chetlatgandi. Myanma aholisi shundan beri harbiylarga qarshi noroziliklar uyushtirmoqda. Ular ishtirokidagi namoyishlar kuch tuzilmalari tomonidan keskin tarzda bostirilmoqda. Huquq himoyachilarining oxirgi ma'lumotlariga ko‘ra, namoyishlarni bostirish vaqtida 739 kishi, jumladan, bir necha o‘n bola halok bo‘lgan. 3,3 mingdan ko‘proq namoyishchi hibsga olingan, ulardan 76 nafariga qamoq jazosi tayinlangan. Bundan tashqari, mingdan ko‘proq namoyishchini hibsga olish uchun order berilgan.   

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid