Jahon | 21:48 / 25.04.2021
8188
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik siyosatshunos Qirg‘izistonda giyohvand moddalar aylanmasiga aloqadorlikda gumon qilinmoqda

Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti prezidenti Endryu Kachins Qirg‘izistonda giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasiga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma'lum qildi.  

Foto: Live.kg

Siyosatshunos tegishli idoralarning birinchi talabiga ko‘ra hozir bo‘lish tilxati ostida qo‘yib yuborilgan.

Qirg‘iziston Davlat bojxona xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, Kachins nomiga universitet manziliga Dubaydan jo‘natma kelgan. Jo‘natmaga ilova qilingan hujjatlarda uning ichida bosma mahsulotlar borligi ko‘rsatilgan. Biroq aslida jo‘natma ichida oluvchining telefon raqami ko‘rsatilgan kichik polietilen paketlarga qadoqlangan tabletka va kapsulalar bo‘lgan. Ekspertiza ular orasida psixotrop moddalar borligini ko‘rsatgan.

Shundan keyin Kachins so‘roq qilinib, uyida tintuv o‘tkazilgan.

O‘z navbatida, Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti Kachinsga jo‘natilgan vositalar uni davolovchi shifokor tomonidan yozib berilganini ma'lum qilgan.

«Biz matbuotda bu masala atrofida berilgan xabarlar keltirib chiqargan chigallikdan afsusdamiz. Tegishli idoralar tomonidan hammasi surishtirilgandan keyin bu masala tez va tegishli tarzda hal qilinishiga umid qilamiz», deyilgan universitet bayonotida.

AQSh fuqarosi bo‘lgan Endryu Kachins taniqli siyosatshunos, sobiq ittifoq davlatlari bo‘yicha ekspert hisoblanadi. U 2003–2006 yillar davomida Moskvadagi Karnegi markazi direktori sifatida faoliyat yuritgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid