Jahon | 10:30 / 25.04.2021
14966
2 daqiqa o‘qiladi

Baydenning bayonotidan keyin AQSh Turkiyadagi elchixonasini vaqtincha yopishga qaror qildi  

AQSh prezidenti Jo Bayden Usmoniylar imperiyasida armanlar genotsidini tan olgandan keyin Vashington Turkiyadagi elchixona va konsulxonalarini ular oldida norozilik namoyishlari yuz berishi mumkinligi sababli ehtiyot chorasi sifatida ikki kunga – 26 va 27 aprelga yopishga qaror qildi

AQShning Anqaradagi elchixonasi hamda Istanbul, Adan va Izmirdagi konsulxonalari 2 kun xizmat ko‘rsatmaydi. 

Amerikaliklarga shoshilinch xizmatlar ko‘rsatilishi kerak bo‘lsa, ularga yaqin oradagi konsulxona bilan bog‘lanishlari tavsiya qilingan. Shuningdek, ularga AQSh hukumati binolari atrofidagi hududlarga borishdan saqlanish va amerikaliklar hamda boshqa xorijiy fuqarolar to‘planadigan joylarda ogoh bo‘lish uqtirilgan.  

24 aprelda Bayden Usmoniylar imperiyasida XX asr boshlarida yuz bergan hodisalarni «armanlar genotsidi» deb atadi. Biroq AQShning Baydendan avvalgi prezidentlari shu paytgacha bunday bayonotlar berishdan o‘zlarini tiyib kelganlar. 

Keyinroq Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li rasmiy Anqara AQSh prezidentining armanlarning Usmoniylar imperiyasida ommaviy halok bo‘lishini genotsid deb tan olishini inkor etishini aytgan.    

O‘z navbatida, Armaniston tashqi ishlar vazirligi AQSh prezidentining bayonotini ma'qullab, Bayden AQShning «haqiqat va adolat qaror topishiga qaratilgan» an'analariga sodiq ekanini ta'kidlab o‘tgan.  

Armanlar har yili 24 aprelni genotsid qurbonlarini xotirlash kuni sifatida nishonlaydi. Armanistonda bu kun dam olish kuni hisoblanadi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid