Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iroq sog‘liqni saqlash vaziri va Bag‘dod gubernatori shifoxonadagi yong‘indan keyin iste'foga chiqarildi
Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy Bag‘dodda koronavirus bemorlari davolanayotgan shifoxonada yuz bergan yong‘indan keyin mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Hasan at-Tomimiy va Bag‘dod gubernatori Jobir al-Atani iste'foga chiqardi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, fojia 88 kishining halok bo‘lishiga olib keldi.
Yong‘in 24 aprel kechki payt yuz bergan. Unga shifoxonada kislorod ballonlari saqlangan omborda yuz bergan portlash sabab bo‘lgan. Voqea oqibatida 88 kishi halok bo‘ldi, 100dan ko‘proq odam jarohat oldi. Kamida 28 kishi sun'iy nafas oldirish qurilmalaridan uzib qo‘yilgani sababli halok bo‘lgan.
Shifoxonada yong‘in xavfsizligi tizimi bo‘lmagan.
Iroq bosh vazirining ta'kidlashicha, «shifoxonadagi dahshatli yong‘inga loqaydlik va xo‘jasizlik sabab bo‘lgan». Voqeadan keyin ishidan ketkazilganlarga nisbatan tergov olib borilmoqda. Shuningdek, shifoxona bosh shifokori, xavfsizlik xizmati boshlig‘i va binoning texnik ta'minoti uchun mas'ul shaxslar hibsga olingan.
Mamlakatda uch kunlik motam e'lon qilindi.