Jahon | 21:10 / 28.04.2021
6485
7 daqiqa o‘qiladi

Baydenning arman genotsidi bo‘yicha bayonoti Turkiya-Amerika munosabatlariga qanday ta'sir qiladi?

AQSh prezidenti Jo Bayden 1915 yilgi voqealarni «Arman genotsidi» sifatida tilga olgach, Turkiya bunga keskin javob qaytardi. Mazkur holat esa ko‘plab sabablarga ko‘ra allaqachon keskinlashgan Turkiya-Amerika munosabatlariga oid bir qator savollarni kun tartibiga olib chiqdi.

Foto: Reuters

Vashington va Anqaradan kelgan dastlabki signallardan ko‘rinib turibdiki, Bayden Turkiya tarixi nuqtayi nazaridan juda nozik masala bo‘yicha «genotsid» atamasini qo‘llab, munosabatlarga yangi zarba berdi.

Ammo o‘zaro munosabatlarga «genotsid» masalasi soya solib turgan bo‘lishiga qaramay, Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Jo Bayden 14 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida yuzma-yuz uchrashishga kelishib olishdi. Bu esa tomonlar muloqotni davom ettirishga ahamiyat berayotganini ko‘rsatadi.

Bayden 23 aprel kuni Erdo‘g‘an bilan qilgan ilk telefon muloqotida «genotsid» iborasini 24 apreldagi Xotira nutqida ishlatishini aytgani Amerika matbuotida aks etdi.

O‘sha kuni tunda Turkiya prezidentning matbuot kotibi Ibrohim Kalin va AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan, shuningdek, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li hamda uning amerikalik hamkasbi Entoni Blinken o‘rtasidagi telefon muloqotlarida bu masala kun tartibida ekanligi, ammo Vashington o‘z munosabatini o‘zgartirmasligi ma'lum bo‘lgandi.

Vashingtonning fikrini o‘zgartira olmagan Anqara nuqtayi nazaridan eng muhim masala – Baydenning bayonotida ushbu iboradan qanday foydalanilishi va u keyinchalik Turkiyaga qarshi huquqiy muammo tug‘dirish-tug‘dirmasligi edi.

Voqeani Turkiya va turk millati bilan bog‘lamaslikka harakat qilingan

Mutaxassislar tomonidan berilgan baholarda matn juda ehtiyotkorlik bilan yozilgan, degan xulosaga kelindi va quyidagi elementlar oldingi planga chiqdi:

  • o‘tgan yillarda e'lon qilingan 24 aprel kungi prezidentlik bayonotlaridan farqli o‘laroq, Baydenning matni 1915 yilgi voqealarni «genotsid» deb tavsiflaydi, ammo u mazkur tarixiy voqeani Turkiya va turk millati bilan bog‘lamaslikka harakat qilgan;
  • avvalgi bayonotlardagi Turkiya-Armaniston munosabatlariga oid iqtiboslarga bu safar o‘rin berilmagani Baydenning bayonotini xalqaro aloqalar miqyosidan tarixiy voqeaning bir talqini darajasiga tushirgan. Bayden ko‘proq arman xalqiga emas, 1915 yil voqealaridan keyin AQShga kelgan va yangi hayot boshlagan amerikalik armanlarga murojaat qilgan;
  • Anqara uchun yana bir muhim nuqta – Baydenning «Biz buni ayblash uchun emas, balki boshqa takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qilyapmiz» degan gapni qo‘llaganidir. AQSh prezidenti tomonidan «genotsid» iborasi qo‘llanishi Turkiyaga qarshi yangi huquqiy muammolarni keltirib chiqarishi, xususan, kompensatsiya da'vosini qo‘zg‘atishi mumkinligi aytilgandi. «Ayblovlarni ilgari surishni niyat qilmasligi» haqidagi Baydenning ta'kidi esa Vashingtonning Turkiyaga qarshi da'volarni qo‘llab-quvvatlamasligining nishonasi sifatida qabul qilindi.

Erdo‘g‘an va Bayden 14 iyun kuni uchrashishga kelishib olishdi

«Genotsid» bayonoti e'lon qilinishidan bir kun oldin Erdo‘g‘an va Bayden o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida AQSh prezidenti o‘z niyatini bildirgani Amerika matbuotida aks etdi. Hatto ba'zi rasmiylar ikki rahbar o‘rtasidagi telefon qo‘ng‘irog‘i «keskin» kechganini ta'kidlashdi. Ikki prezidentdan keyin tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li va AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ham telefon orqali gaplashishgani ma'lum bo‘ldi.

23 aprel kunidagi Anqara-Vashington keskinligiga qaramay, Erdo‘g‘an va Bayden NATOning 14 iyun kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan sammiti doirasida ikki tomonlama uchrashuv tashkil etishga kelishib olishgan.

Ikki o‘rtadagi mavjud muammolarga endi «genotsid» masalasi ham qo‘shilgan bo‘lsa-da, tomonlar prezidentlik darajasida aloqa o‘rnatish niyatini bildirganliklari ular munosabatlarning to‘liq uzilishini istamasliklaridan darak beradi.

Anqara tomonidan qasos qarori hali e'lon qilinmadi

Baydenning bayonotiga Anqaraning munosabati kutilganidek tezkor va qattiq bo‘ldi. Tashqi ishlar vazirligi va boshqa tegishli muassasalar tomonidan berilgan bayonotlarda genotsid ta'rifi ham tarixiy, ham huquqiy jihatdan asosga ega emasligi va Bayden ushbu qadamni «populistcha» siyosiy sabablarga ko‘ra tashlagani ta'kidlandi.

Ammo rasmiy manbalarda berilgan bayonotlarda Baydenning qarori Turkiya-Amerika munosabatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir qilishi haqida hech qanday gap yo‘qligi, qolaversa, AQShdan qasos olish haqida so‘z yuritilmagani ham diqqatni tortdi. Holbuki, avvallari shunga o‘xshash vaziyatlarda Anqara tomonidan ko‘plab keskin qadamlar qo‘yilgan, masalan, ish siyosiy va harbiy hamkorlikni to‘xtatish darajasigacha borib yetgandi.

Turkiya Baydenning bayonotiga qarshi qanday yo‘l tutadi? Bu borada prezident Erdo‘g‘an tomonidan aniq pozitsiya e'lon qilinishi kutilmoqda. Erdo‘g‘an dushanba kuni hukumat yig‘ilishidan keyin beradigan bayonotida ushbu masalani keng muhokama qilishi mumkin.

Turkiya prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Kalin Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida Baydenning bayonoti Turkiya-Amerika munosabatlariga salbiy ta'sir ko‘rsatishi va unga albatta «siyosiy javob» qaytarilishini aytdi, ammo u qanday javob berilishi borasida to‘xtalmadi.

S-400’dan so‘ng, «genotsid» masalasi ham qavsga olinadimi?

Turkiya va AQSh o‘rtasidagi eng asosiy ikki masala – Turkiyaning Rossiyadan sotib olgan S-400 havo hujumidan mudofaa tizimlari va AQShning Suriya Demokratik kuchlariga siyosiy va harbiy jihatdan yordam ko‘rsatayotganidir.

Chovusho‘g‘li va Blinken o‘rtasidagi muzokaralarda Turkiya-Amerika aloqalarining muammoli jihatlari qavs ichiga olinishi va hamkorlikning boshqa yo‘nalishlariga e'tibor qaratilishi ma'lum qilindi.

Bu muammoli jihatlarga «genotsid» ta'rifi ham kiritilishi mumkin. Agar AQSh bu masalada tag‘in oldinga qadam tashlamasa, Turkiya ushbu masalani ham qavs ichiga olib, munosabatlarni saqlab qolishi mumkin. Ammo bu munosabatlar sifat jihatidan o‘tmishdagi turk-amerika ittifoqi va strategik sheriklik munosabatlariga uncha ham o‘xshamasligi taxmin qilinmoqda.

Отабек Тиллаев
Tayyorlagan Отабек Тиллаев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid