2019 yili Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini amerikalik madaniyatshunos Mark Eduard Riz ingliz tilida “Bygone days” nomi bilan kitob holida chop etgan va shu yil 27 dekabr kuni O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida kitobning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tgandi. 2021 yil 27 aprel kuni Adiblar xiyobonida – Abdulla Qodiriy haykali yonida kitobning yurtimizdagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda tarjimon Mark Riz ham qatnashdi.

Uyushma matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, taqdimotda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do‘stmuhammad, adabiyotshunos Suvon Meli, professor Bahodir Karim, Abdulla Qodiriy uy-muzeyi direktori Xondamir Qodiriy, filologiya fanlari doktori Gulnoza Odilova tarjima va tarjimonning yutuqlari haqida so‘zladi.

– Romanni bir yarim yil oldin diqqat bilan o‘qib chiqdim, – deydi Gulnoza Odilova. – Men doktorlik tadqiqotimda o‘zbek milliy mentalitetidagi ovqatlanish, oila davrasidagi kommunikativ muloqot jarayonini tarjimada qanday berilganini tadqiqqa tortgandim va bunda “O‘tkan kunlar”ning Ilhom To‘xtasinov tarjimasiga qarab, juda ham xafa bo‘lgandim. Chunki u yerda milliylikka oid ko‘p so‘zlar tushib qolgan. Masalan, romanda O‘zbekoyim Otabekni Zaynabni qaynotasinikiga charlarga oborishga majburlab turgan mahal o‘g‘li borgisi kelmay, xo‘r-xo‘rlatib choy ichadi. Ya'ni, bu yerda Otabek onasining gapiga yumor bilan javob qaytaryapti, befarqligini shu yo‘l bilan ko‘rsatyapti. Bu esa O‘zbekoyimning jahlini chiqaradi. To‘xtasinov tarjimasida Otabek shunchaki ovqatlanib o‘tirardi, deyilgan. Xo‘rillatib choy ichish effekti yo‘q. O‘zbekoyimning gapiga e'tiborsizlik bilan, nima deyapsiz, deganday yumori tarjimada aks etmagan. Mark Riz o‘z tarjimasida mana shu effektni saqlagan, ya'ni onasining gapiga befarq bo‘lib og‘zini to‘ldirib-to‘ldirib choy ichib o‘tirgan Otabekning holatini inglizchada ko‘rsata olgan.

Taqdimotda Mark Riz ko‘rsatilgan hurmat uchun minnatdorlik bildirdi. Yurtimizdagi islohotlar to‘g‘risida gapirdi. Prezidentning “O‘tkan kunlar” romanidan keltirgan qo‘shxotinlik borasidagi iqtibosini esladi. Davlat rahbarining adabiyotga bu kabi e'tibori va uning natijasi, albatta, bo‘lishini e'tirof etdi. Tashrifning ilk kunlari haqidagi iliq taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Bundan so‘ng “Mehrobdan chayon” romanini tarjima qilish loyihasini rejalashtirayotganini aytdi.













