O‘zbekiston | 10:58 / 29.04.2021
3272
2 daqiqa o‘qiladi

«Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari»ni bilmagani uchun vazifasidan ozod qilingan shaxs «pora» bilan qo‘lga tushgan

Kun.uz saytida 28 aprel kuni «Qashqadaryoda yer bilan bog‘liq firibgarlikni oldi olindi» sarlavhali xabar e'lon qilingandi. Xabarning ikkinchi qismi – pora bilan qo‘lga tushgan xodim bo‘yicha Kadastr agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi axborot xizmati qo‘shimcha ma'lumot berdi.

Tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga baliqchilik xo‘jaligi tashkil qilish uchun 8 gektar yer ajratilishida yordam berishini aytib, xizmati evaziga undan 1000 AQSh dollari talab qilgani aytilgan Nishon tumani «Yer resurslari va davlat kadastri» mutaxassisi deb yozilgan shaxs mazkur jinoyatni sodir etishidan 17 kun avval vazifasidan ozod etilgan. 

«25-31 mart kunlari Kadastr agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasida kadastr tizimida ishlovchi xodimlarning amaliy va nazariy bilimlarini aniqlash maqsadida attestatsiya o‘tkazilgan. Unda komissiya a'zolari ushbu mutaxassisdan «Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari»ni so‘ragan. Biroq shu va yana uchta savolga xodim mutlaqo javob bera olmagan.

Natijada, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi shu kunning o‘zida bekor qilingan», – deydi boshqarma axborot xizmati rahbari Nomoz Choriyev.

Kadastr agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi axborot xizmati ayrim hollarda ishdan bo‘shatilgan xodimlar tomonidan firibgarlik holati kuzatilayotganligi, o‘zini kadastr sohasida ishlayotgan xodim qilib ko‘rsatib, yer ajratish va kadastr hujjatlarini tayyorlashda korrupsion holatlar uchrab turganidan ogohlantirib, viloyatimiz aholisiga murojaat bilan chiqqan edi.

Nomoz Choriyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatida, fuqarolar kadastr sohasiga oid muammolar, murojaatlar bo‘lsa, boshqarmaning  75-227-81-95 va 75-227-50-25 «Ishonch telefon» raqamlariga murojaat etishini so‘raydi.

Unutmaylik, korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning burchimizdir.

Mavzuga oid