Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda soliq inspektorlari 5 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi
Toshkent shahrida ikki nafar soliq inspektori tadbirkorga savdo do‘konlarini ijaraga olishda yordam berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilib, ushbu mablag‘ni olgan vaqtda qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, mazkur holat DXXning Call-markaziga kelib tushgan murojaat asosida aniqlangan. Tezkor tadbir DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan.
Tergovga qadar ma’lumotlarga ko‘ra, Yunusobod tumani Soliq inspeksiyasining ikki nafar inspektori o‘zaro til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkorga «Chilonzor buyum bozori kompleksi» aksiyadorlik jamiyatidan uchta savdo do‘konini ijaraga olishda ko‘mak berishni va’da qilgan.
Ular o‘z tanishlari orqali tadbirkorga tegishli mas’uliyati cheklangan jamiyatning ochiq savdo tenderida g‘olib bo‘lishini ta’minlash va ijara shartnomalarini rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida soliq inspektorlari so‘ralgan mablag‘ni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlari haqida Xizmatning 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Mavzuga oid
00:06 / 07.06.2026
Surxondaryoda 4000 dollar evaziga departamentga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs ushlandi
17:37 / 04.06.2026
Namanganda tergovchi va advokat pora bilan ushlandi
08:18 / 04.06.2026
1,5 gektar yerni «sotish» bahonasida 750 ming dollar so‘ragan shaxs ushlandi
16:01 / 02.06.2026