O‘zbekiston | 17:13 / 03.05.2021
6214
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi bolalar va homilador ayollar ham emlanishini ma'lum qildi

Bolalar va homilador ayollar uchun ham koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqariladi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Sevara Ubaydullayeva xabar berdi.

“Qachonki, yurtimiz aholisining 70-80 foiz aholisi koronavirusga qarshi vaksina bilan emlangan holda, biz koronavirusni yengib, vaksinatsiya jarayonini to‘xtatishimiz mumkin. Bunda xalqimizda ommaviy immunitet hosil qilingan hisoblanadi. Bunga yillar ketishi mumkin, chunki hozirda tatbiq etilayotgan barcha vaksinalar bolalar va homilador ayollarga mumkin emas, shu sabab ular emlanmayapti. Lekin bu ular umuman emlanmaydi, degani emas”, dedi mutasaddi.

Shtab a'zosining ta'kidlashicha, bugungi kunda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan homiladorlar va bolalar uchun vaksina yaratish ustida ish olib borilmoqda va ba'zi vaksinalar klinik sinovlardan o‘tkazilmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, shu kunga qadar O‘zbekistonda qariyb 900 mingga yaqin aholi emlangan bo‘lsa, ular orasida birorta ham o‘lim holati qayd etilmadi. Vaksinatsiya jarayonining kundalik ma'lumoti JSSTga ham taqdim etib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda olib borilayotgan emlash jarayonida fuqarolar 40,9 foiz AstraZeneca, 58,4 foiz ZF-UZ-VAC2001, 0,7 foiz “Sputnik V” vaksinasi bilan emlangan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid