Jamiyat | 13:00 / 03.05.2021
9808
4 daqiqa o‘qiladi

Surunkali buyrak yetishmovchiligiga chalingan 8 yoshli Zuhriddinga yordam kerak

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tuman Jarqirg‘iz qishlog‘ida yashaydigan 8 yoshli Zuhriddin glomerulonefrit kasalligiga chalingan. Uning davolanishi uchun saxiy hamyurtlarimizning moddiy va ma'naviy yordami kerak bo‘lib turibdi.

Kasallik jiddiy, unda buyrakdagi mayda qil tomirlar zararlanadi va har ikki buyrak to‘qimalarining o‘tkir va surunkali yallig‘lanishi ko‘rinishida kechadi. Oqibatda siydik ajratish ham izdan chiqadi.

«O‘g‘limni 2017 yildan buyon davolatib kelmoqdamiz. Boshida kasalligini bilmadik, aniqlolmadik. 2018 yilda Qarshi shahrida Nefrologiya markaziga yotqizganimizda buyrak yetishmovchiligi deb tashxis qo‘yganida bildik u qanday kasalligini. O‘shandan beri davolanib kelyapmiz.

Hozirda Toshkentda Respublika Urologiya markazida shifokor Nargiza Latipova nazoratida davolatmoqdamiz. Har oy borib turish kerak, lekin mablag‘imiz yo‘qligi sababli borolmayapmiz. Uzilish bo‘lmoqda, 2-3 oyda borib turibmiz. Har oyda borib turilsa, tuzalish tezroq bo‘lar ekan.

Shu paytgacha dori-darmon uchun uydagi hamma narsani sotdik. Oxirgi marta borganimizda uyimizdagi issiqxona temirlarini sotishga majbur bo‘ldik. Sotadigan narsamiz ham qolmadi. Turmush o‘rtog‘imni muntazam ish joyi yo‘q. Hozirda kunlik ishlarda ishlab yuradilar. Men ham ishlayolmayapman, farzandimga qaramoqdaman», — deydi Zuhriddinning onasi Feruza Saidova.

Feruza opa shu paytgacha uyda issiqxonada mehnat qilgan. Ko‘kat yetishtirib sotib daromad qilgan, turmush o‘rtog‘i Zoir Qarshiyev yollanma ishlarda ishlaydi. Daromadining barchasi farzandi salomatligi uchun ketgan.

Endi issiqxona temirlarini sotishga majbur bo‘lganligi sababli qo‘shimcha daromaddan ham mosuvo qoldi. Opaning aytishicha, turmush o‘rtog‘i chet elda muhojirlikda ishlab 2018 yilda yangi uy qurmoqchi bo‘lgan. Biroq kutilmagan kasallik barcha rejalarni chippakka chiqardi.

«Bir oyda ikki marta shifokor ko‘rigiga olib borib, ma'lum dori-darmonlarni vaqtida ichirib tursak, yillar davomida tuzalib ketarkan. Har borganimizda har xil dori yozib beradi shifokor. Avvallari o‘tirolmasdi, hozir o‘tiroladi, ozroqdan yuradi ham. Ikkala buyragi ham zararlangan, davolatmasak siydik tanaga tarqalib ketishi mumkin. Vaqtida dori-darmonni berib tursak peshob bilan chiqib ketarkan», — deydi onaizor.

«Katta bo‘lsam harbiy bo‘lmoqchiman, sog‘ayib ketishim uchun ko‘p yurmasligim, yugurmasligim, cho‘milmasligim, hotlanch, pepsilar iste'mol qilmasligim kerak. Asosiysi vaqtida dorilarimni ichishim kerak», — deydi Zuhriddin.

«Zuhriddin Nefrotik ko‘rinishdagi glomerulonefrit bilan og‘rigan. Bunday holatda bemorning siydigi orqali ko‘p miqdorda (bir kecha-kunduzda 3,5 grammdan ortiq) oqsil moddasi chiqib ketadi. Oqsil kamayishi tufayli bemorlarning ko‘z qovoqlaridan boshlangan shish asta-sekin butun badanga tarqaladi. Hatto bu shishlar ichki a'zolar, yurak, o‘pka va qorin pardalariga hamda bo‘shliqlarga yoyiladi. Teri shilliq pardalari quriydi, mushaklar kichrayadi. Xastalikning boshlang‘ich davrida arterial qon bosimi me'yorida bo‘ladi, lekin dard rivojlangan sari ko‘tarilib boradi. Davolash uzoqroq cho‘ziladigan kasalliklar sirasiga kiradi.

Hozirda Zuhriddinni ahvoli yaxshi, lekin muntazam nazoratda bo‘lishi va yozilgan dorilarni o‘z vaqtida ichishi lozim. Agar nazoratda bo‘lmay, vaqtida dorilarini ichmasa buyraklar ishdan chiqadi», — deydi Respublika urologiya markazi shifokori Nargiza Latipova.

Biz saxovatpesha hamyurtlarimizni Zuhriddinning davolanishi uchun baholi qudrat ehson qilishga chorlaymiz. Shoyad, Allohning inoyati, siz-u bizning beminnat yordamimiz, shifokorlarning sa'y-harakati tufayli Zuhriddin dard ko‘rmagandek bo‘lib ketsa.

Xayriya mablag‘larini Zuhriddining onasi Feruza Saidova nomiga ochilgan plastik kartalarga o‘tkazib berishingiz mumkin:

UZCARD (Agrobank): 8600 0423 4148 5364

HUMO (Xalq banki): 9860 0301 9885 7168

O‘raljon Kamolov tayyorladi.

Mavzuga oid