08:23 / 05.05.2021
10234

Muhtojlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vaqtinchalik qoidalar tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi "Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni qabul qildi.

Qaror bilan:

  • “Temir daftar”ni yuritish orqali ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir oilalar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vaqtinchalik tartib;
  • “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vaqtinchalik tartib;
  • “Yoshlar daftari”ni yuritish orqali yoshlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vaqtinchalik tartib tasdiqlandi.

Shuningdek, mamlakatda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan ishlash tizimi natijasi bo‘yicha hisobot berish sxemasi tasdiqlandi.

Tegishli idora va hokimiyat organlariga ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning quyidagi yo‘nalishlariga alohida e'tibor qaratish topshirildi: bandlikni ta'minlash, tomorqadan daromad manbai sifatida foydalanish uchun ko‘maklashish, tadbirkorlikka jalb qilish, moddiy yordam hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish.

Ayollar va yoshlarga yuqorida ko‘rsatilgan yordam turlaridan tashqari turar joy ijarasi uchun kompensatsiya to‘lash, tibbiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatishda yordam beriladi. “Yoshlar daftari”ga kirgan fuqarolar uchun kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, xorijda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining mamlakatdagi oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida yillik o‘qish xarajatlarini to‘lab berish nazarda tutiladi.

Hujjat bilan mas'ul idoralar belgilandi:

  • Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi - “Temir daftar”ni yuritish uchun;
  • Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi - “Ayollar daftari”ni yuritish uchun;
  • Yoshlar ishlari agentligi - “Yoshlar daftari”ni yuritish uchun.

2021 yil 1 iyunga qadar tegishli daftarlarni yuritish elektron tizimini takomillashtirish va uni elektron hukumat tizimi bilan integratsiya qilish yakunlanishi kerak.

Top