O‘zbekiston | 07:17 / 06.05.2021
2484
2 daqiqa o‘qiladi

Noqonuniy ravishda faoliyat olib borayotgan fuqaro do‘konni va unga nisbatan rasmiylashtirilgan hujjatni yoqishga urindi 

Guliston shahrida noqonuniy ravishda savdo faoliyatini olib borayotgan fuqaro aniqlangan. Soliq inspektori tomonidan holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilayotgan vaqtda sotuvchi do‘konni va hujjatlarni yoqishga urindi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi ma'lum qildi.

Joriy yilning 5 may kuni Guliston shahar DSI davlat soliq katta inspektori E.Xaydarov tomonidan Guliston shahri (eski dehqon bozori) hududida o‘tkazilgan tekshiruvda faoliyatini 2021 yil 22 apreldan vaqtincha to‘xtatgan fuqaro M.J. tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan do‘konda savdo faoliyati olib borayotganligi aniqlangan. 

Fuqaro M.J.dan savdo faoliyatiga oid hujjatlarni so‘ralganda hujjatlarini taqdim etish o‘rniga E.Xaydarovni haqoratlab, uni do‘kondan chiqib ketishini talab qilgan. Inspektor holat yuzasidan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirayotgan vaqtda M.J. hujjatlar ustiga va do‘kon oldiga chiqarilgan tovarlarga yelim idishda bo‘lgan benzinni sepib yoqib yuborgan.

Yong‘in do‘kon atrofida bo‘lgan fuqarolar tomonidan zudlik bilan o‘chirilgan. Fuqaro M.J. esa tez yordam chaqirtirib, sog‘lig‘i yomonlashganligini bildirgan holda M.A. ismli fuqaro bilan voqea joyidan ketgan. Viloyat tez tibbiy yordam markazidan olingan dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra fuqaro M.J.da hech qanday tan-jarohatlar aniqlanmagan.

«Hozirda voqea joyida Guliston shahar prokuraturasi, IIB hamda Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Guliston shahar DSI katta inspektori Eldor Xaydarovning sog‘lig‘iga zarar yetmagan», - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid