O‘zbekiston | 20:16 / 06.05.2021
4272
2 daqiqa o‘qiladi

Qishloq joylarida nodavlat o‘quv markazlari tashkil etish uchun 50 mln so‘mgacha bir martalik yordam ko‘rsatiladi

O‘zbekistonda chet tili o‘qituvchilarining 90 foizi yoki 46 ming nafari ingliz tiliga ixtisoslashgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev chet tillarini o‘rganish masalasi muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishida Toshkentdan boshqa hududlarda sharq tillari deyarli o‘qitilmasligiga e'tibor qaratdi.

«Chet tillarini o‘qitishda nodavlat ta'lim muassasalari va Britaniya kengashi, Gyote instituti, Fransuz alyansi, KOICA, JICA, Konfutsiy instituti kabi xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish zarur.

Misol uchun, chet tili o‘qituvchilarining 90 foizi (46 ming nafar) ingliz tiliga ixtisoslashgan bo‘lib, sharq tillari (xitoy, koreys, turk, arab, fors) poytaxtdan boshqa hududlarda deyarli o‘qitilmaydi.

Shu bois, Tashqi ishlar vazirligi elchilarimiz bilan birga, o‘zlari biriktirilgan viloyatlarda kamida 2-3tadan chet tiliga o‘rgatish markazini tashkil etishga hamda ularga o‘zlari ishlayotgan davlatlardan malakali o‘qituvchi va volontyorlarni jalb qilishga mas'ul bo‘ladi.

Yana bir masala – respublikada chet tillari nodavlat o‘quv markazlarining asosiy qismi Toshkent shahrida joylashgan. Shuning uchun, viloyat, tuman va shahar hokimlari 1 iyuldan boshlab, qishloq tumanlarida 5tadan chet tillariga o‘qitish nodavlat o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha tanlov e'lon qilsin.

Qishloq joylarida nodavlat o‘quv markazlari tashkil etish uchun bo‘sh bino ajratish, kerakli jihozlar va adabiyotlar sotib olishga 50 million so‘mgacha bir martalik beg‘araz ko‘mak ajratish yo‘lga qo‘yilsin», dedi prezident.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid