Jahon | 21:40 / 06.05.2021
10673
11 daqiqa o‘qiladi

Sakkiz yillik muz erimoqda: Turkiya va Misr qanday masalalarni muhokama qiladi?

Turkiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Sedat O‘nal boshchiligidagi delegatsiya Misr poytaxti Qohiraga ikki kunlik muzokaralar uchun yo‘l oldi. 2013 yildan beri davom etib kelayotgan ziddiyatlarni to‘xtatish uchun tashlangan bu ilk qadam Sharqiy O‘rta Yer dengizida energetika hamkorligining yangi burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.

Anqara 2013 yilda davlat to‘ntarishi bilan hokimiyatga kelgan Abdulfattoh as-Sisiy ma'muriyatini qattiq tanqid qilib keladi. Ikki davlat mintaqaviy keskinlik va inqirozlarda tez-tez to‘qnash keladi.

2013 yildan beri darz ketgan munosabatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar yo‘li bilan qayta boshlash ham o‘zaro aloqalar, ham Sharqiy O‘rta Yer dengizi voqealari nuqtayi nazaridan muhimdir.

Delegatsiya kimlardan iborat?

8 yildan keyin Turkiya va Misr o‘rtasidagi birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqada vakillik darajasi tashqi ishlar vaziri yordamchilari nisbatida bo‘ladi. Turkiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sedat O‘nal Turkiya delegatsiyasiga rahbarlik qiladi. Mezbon tomon – Misr delegatsiyasiga esa uning maslakdoshi Hamdi Sanad Loza boshchilik qiladi.

Har ikki tomondan berilgan bayonotlarda delegatsiyalar tarkibining necha kishidan iboratligi va ular kimlardan iborat ekani haqida ma'lumot berilmadi.

Muzokaralar kun tartibida qanday masalalar bor?

«Muzokaralar davomida mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni ikki tomonlama va mintaqaviy sharoitlarda normallashtirish yo‘lida qadam tashlash masalasi muhokama qilinadi», deyiladi Anqara bayonotida.

Misr Tashqi ishlar vazirligining bayonotida ham ayni shu masala tilga olingan.

Eng muhim masalalardan biri dengiz yurisdiksiyasi to‘g‘risidagi bitimdir.

«Sharqiy O‘rta Yer dengizida eng uzun qirg‘oqlarga ega bo‘lgan ikki davlat sifatida Misr bilan dengiz yurisdiksiyasi masalasida muzokara olib boramiz va biz o‘zaro kelishuvni imzolashimiz mumkin», deydi tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li 3 may kuni bergan bayonotida.

Turkiya Liviya bilan, Misr esa Gretsiya va Kipr bilan dengiz yurisdiksiyasi to‘g‘risidagi bitimga ega. Biroq Turkiya belgilagan maydonlarga Gretsiya, Gretsiya belgilagan maydonlarga esa Turkiya e'tiroz bildirib keladi.

2020 yil avgust oyida Gretsiya va Misr tomonidan imzolangan shartnomada Misrning ba'zi mintaqalarda Turkiyaning tezislariga nisbatan hassoslik ko‘rsatishi o‘zaro yaqinlashish uchun dastlabki yashil chiroqlarni yoqdi.

Turkiya tomonidan dengiz yurisdiksiyasi bilan bog‘liq tezislarda Misrga katta maydon berilgani ham ikki mamlakat o‘rtasida muzokaralarni boshlashda samarali bo‘ldi.

Turkiyaning 2019 yil noyabr oyida Liviya bilan imzolangan dengiz yurisdiksiyasi to‘g‘risidagi bitimi va Turkiyaning BMTga taqdim etgan kontinental nuqtasi Misrga Kipr bilan tuzilgan shartnomadan 11 500 kvadrat km ko‘proq dengiz maydonini beradi. Misr shu bois Gretsiya va Kipr bilan imzolagan shartnomalardan chiqib, dengiz yurisdiksiyasi to‘g‘risida Turkiya bilan shartnoma imzolashi mumkin.

Misr bu yo‘nalishda hali qadam qo‘yganicha yo‘q. Sisiyning ma'muriyati Kipr Respublikasi va Gretsiya bilan yaqin hamkorlikni davom ettirmoqda.

Biroq Misr Sharqiy O‘rta Yer dengizidagi boy uglevodorod konlaridan qazib olingan tabiiy gazni Yevropa bozoriga sotish uchun Turkiya bilan munosabatlarini normallashtirishi juda muhim. Chunki ushbu tabiiy boyliklarni Turkiyaga yoki Turkiya orqali Yevropa bozoriga sotish ancha tejamli va amaliy jihatdan qulaydir.

«Muammolarning murakkabligini hisobga olsak, Turkiya bilan munosabatlarni normallashtirish uzun va mashaqqatli yo‘ldir. Muzokaralarda katta ehtimol bilan Sharqiy O‘rta Yer dengizini yirik energiya markaziga aylantirish rejasining bir qismiga aylanishi uchun Turkiyaning nima qilishi kerakligi haqida gap boradi», deydi Misr rasmiylaridan biri hukumatga yaqin gazetalarga bergan intervyusida.

2020 yilning sentabr oyida Qohirada bo‘lib o‘tgan Sharqiy O‘rta Yer dengizi tabiiy gaz forumida «tabiiy gaz eksportini rivojlantirishni istagan» olti mamlakat – Isroil, Misr, Gretsiya, Kipr, Italiya va Iordaniya ishtirok etgandi.

Forumdan tashqari, Kipr va Gretsiyaning Misr va Isroil bilan alohida energiya shartnomalari mavjud. Turkiya esa Sharqiy O‘rta Yer dengizida o‘zini chetlashtiradigan har qanday kelishuv amalga oshirilmasligini ta'kidlab kelmoqda.

Liviya masalasi

Kun tartibidagi masalalar dengiz yurisdiksiyalari bilangina chegaralanmaydi.

Misr rasmiylariga ko‘ra, ikki davlat Liviyadagi voqealarni ham muhokama qiladi. Qohira turk qo‘shinlarining ushbu mamlakatdan olib chiqib ketilishi masalasini ko‘tarishi mumkin.

Anqara esa bundan bir necha kun oldin Liviyaga qilgan tashrifi chog‘ida bunday qadam tashlanmasligining xabarini berib qo‘ydi.

«Mamlakatdagi noqonuniy yollanma askarlar bilan harbiy hamkorlik shartnomasi doirasida xizmat qilayotgan turk askarlarini tenglashtirmaslik kerak», dedi 3 may kuni Tripoliga borgan Mavlud Chovusho‘g‘li.

«Biz dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarga qadar Liviyada tinchlikni saqlashga intilamiz», dedi tashrifda hamrohlik qilgan milliy mudofaa vaziri Hulusi Oqar. U mazkur gapi bilan chekinish bo‘lmasligini ta'kidladi.

Qayd etish joiz, BMT rahbarligida 2020 yil oktyabrda imzolangan sulh bitimining moddalari qatorida chet ellik jangchilarning mamlakatdan chiqib ketishi haqidagi gap ham bor edi. Liviyada turk askarlaridan tashqari, qarshi tomonni qo‘llab-quvvatlaydigan, Misr tomonidan yuborilgan Sudan, Chad jangchilari ham bor. Mamlakatda tashkil etilgan o‘tish davri hukumati 2021 yil dekabrdagi saylovlarga qadar faoliyat olib boradi.

«Musulmon birodarlar»

Kun tartibidagi yana bir masala – Turkiyadagi «Musulmon birodarlar» tashkilotining a'zolari masalasidir. Turkiya rasmiylarining aytishicha, Misrning bu boradagi talablari ancha yumshagan. Dastlab ularni ekstraditsiya qilishni talab qilgan Qohira endilikda «jinoyatchilikka aloqasi bo‘lmagan «Musulmon birodarlar» a'zolarining Sisiyga qarshi faoliyatiga yo‘l qo‘yilmasligi»ni istamoqda.

Turkiya bu borada ham qadam tashladi va aprel oyida «Musulmon birodarlar»ga aloqador telekanallardan «dissidentlik ko‘rsatuvlari dozasi kamaytirilishi»ni talab qildi.

Shu sababli El Sharq telekanalining yetakchi nomlaridan biri misrlik jurnalist Moataz Matar o‘z dasturini efirdan olib tashladi.

Ushbu voqeadan so‘ng Misr tashqi ishlar vaziri Sami Shukru shunday dedi:

«Diqqatimizdagi narsa «Musulmon birodarlar» kanallarining yopilishidir. Shuning uchun biz buni ijobiy holat deb baholaymiz. Agar ushbu kanallarning yopilishi hujjatlashtirilsa va bu doimiy bo‘lib qolsa, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashishning oldini olish bo‘yicha xalqaro huquq qoidalari amalda qo‘llangan bo‘ladi». 

Qohiradagi ikki kunlik muzokaralarda bu masala ham muhokama qilinadi. Misr delegatsiyasi tomonidan «ichki ishlarga aralashmaslik» masalasiga urg‘u berilishi kutilmoqda. Turkiya delegatsiyasi esa misrlik hamkasblariga nohaq hibsga olingan «Musulmon birodarlar» a'zolarining ozod qilinishi munosabatlarda ancha ijobiy o‘zgarishlarga yo‘l ochib berishini ta'kidlashi mumkin.

Agar mavjud masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilsa, vazirlar darajasidagi ilk yuzma-yuz uchrashuv kuni belgilanadi.

Yaqinlashishga qanday erishildi?

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li 10 aprel kuni misrlik hamkasbi Shukru bilan telefon orqali suhbatlashdi. 15 aprel kuni esa may oyi boshida Turkiyadan Qohiraga delegatsiya jo‘nab ketishini e'lon qildi.

«Biz Turkiyaning so‘nggi bayonotlari va tashlagan qadamlarini mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Ushbu qadamlar Turkiya ham siyosiy ochiqlik bosqichiga o‘tishga tayyorligini ko‘rsatmoqda. Umid qilamanki, bu vaziyat oldinga siljiydi», deydi telefon qo‘ng‘irog‘idan so‘ng Shukru ham.

Aslida, avval Chovusho‘g‘li va Shukru o‘rtasida telefon qo‘ng‘iroqlari va xalqaro uchrashuvlar doirasida ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tgandi. Biroq mart oyidagi o‘zaro bayonotlardan so‘ng to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa tiklanishi juda muhim voqea bo‘ldi.

Mart oyi boshida Chovusho‘g‘li «Misr va Turkiya o‘rtasida tashqi ishlar vazirliklari va razvedka xodimlari o‘rtasida diplomatik darajadagi aloqalar boshlandi», degan bayonot bilan chiqdi.

Tashqi ishlar vaziridan keyin prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham bayonot berdi:

«Misr bilan razvedka, diplomatiya va iqtisodiy hamkorlik jarayonimiz eng yuqori darajada emas, balki bir qadar past darajada davom etmoqda. Istaymizki, Misr bilan hamkorlikni kuchli bir shaklda davom ettirsak. Razvedka, diplomatiya va siyosiy muzokaralar natijalar bergach, biz aloqalarni yuqori darajalarga ko‘taramiz».

Misrda Abdulfattoh as-Sisiy 2013 yil iyul oyida davlat to‘ntarishi bilan Muhammad Mursiyni hokimiyatdan ag‘darganida Misrga nisbatan eng qattiq va uzoq e'tiroz bildirgan mamlakatlar orasida Turkiya ham bor edi. To‘ntarishdan keyingi davrda Turkiya va Misr o‘zaro diplomatik aloqalarni vaqtincha ishonchli vakil darajasiga tushirdi va aloqalarni minimallashtirdi.

Turkiyaning to‘ntarishga qarshi chiqishi va Sisiyni qattiq tanqid qilishi Misr yangi ma'muriyatining eng katta tarafdorlari – Saudiya Arabistoni va BAAning ham e'tirozlariga sabab bo‘ldi, bu esa o‘z navbatida Anqaraning mintaqaviy munosabatlariga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.

To‘ntarishga qarshi bo‘lgan ba'zi «Musulmon birodarlar» a'zolariga boshpana bergan Qatar bilan ham Saudiya Arabistoni va BAAning aloqalari yomonlashdi, 2017 yil iyun oyida esa Qatarga nisbatan embargo e'lon qilindi.

Yaqinda Qatarga qo‘yilgan embargolar bekor qilindi. Buning ortidan Anqara bilan Saudiya Arabistoni va BAA o‘rtasidagi ziddiyat ham pasayib borayotgani haqida xabarlar kela boshladi. Delegatsiyaning Qohiraga tashrifidan bir kun oldin Prezident Erdo‘g‘an Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bilan ham telefonlashdi.

Qirol Salmon 2016 yilda ham ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish sari qadam qo‘ygan, Turkiyada bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti sammiti oldidan Qohiraga tashrif buyurgan edi. Ushbu tashrifdan so‘ng Misr tashqi ishlar vaziri Shukru ham sammitda qatnashgan va raislikni Misrdan Turkiyaga topshirgandi.

Отабек Тиллаев
Tayyorlagan Отабек Тиллаев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid