Jamiyat | 00:15 / 08.05.2021
16302
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda magistral suv quvuri yorilib, shaharning aksar qismi suvsiz qoldi

Yorilgan suv quvuri o‘tgan asrning 70-yillarida o‘rnatilgan bo‘lib, uning yaroqlilik muddati ham o‘tib ketgan. Avariya oqibatida Samarqand shahrining katta qismi ichimlik suvisiz qolgan.

Samarqand shahrida sodir bo‘lgan avariya sabab aksariyat uylar ichimlik suvisiz qoldi. 6 may kech soat 20:40 larda magistral suv quvurining yorilishidan kelib chiqqan suv sizishi sabab Toshkent-Termiz M 39 trassasining bir qismi o‘pirilib tushadi. Mutaxassislar zudlik bilan suvni o‘chirishga majbur bo‘lishadi va Cho‘ponota suv taqsimlash stansiyasidan Samarqand shahriga borayotgan ichimlik suvi oqimi to‘xtab qoladi. Shu bois hozirda bir kundan ortiqroq vaqt davomida Samarqand shahridagi aksar xonadonlar, binolar va ovqatlanish shoxobchalari suvsiz qolgan.

Cho‘ponota suv taqsimlash stansiyasidan Samarqand shahrining Temiryo‘l hududidan boshqa barcha yerlariga suv boradi. Shu bois avariya shahar aholisining katta qismiga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Holatni o‘rganish maqsadida voqea joyiga borib, 30 chog‘liq odamlar ishlayotganini ko‘rdik. Avariyani bartaraf etishga bevosita mas'ul bo‘lgan «Samarqand suv ta'minoti» MChJ bosh muhandisi Ibrohim Shermatovning aytishicha, avariya sodir bo‘lishiga sabab bo‘lgan magistral quvur o‘tgan asrning 70-yillarida o‘rnatilgan. Uning yaroqlilik muddati ham o‘tib ketgan va dekabrgacha quvurlar yangilanishi kutilmoqda.

Suv sizishi sabab Toshkent-Termiz M 39 trassasining kattagina qismi o‘pirilgan. Yo‘lning yaroqsiz holatga kelgan qismi avtomobillar harakati uchun yopilgan va Toshkentdan kelayotgan mashinalar biroz naridagi burilishdan harakatni Termiz yo‘nalishida davom ettirmoqda. Yo‘lning suv sizishi o‘pirgan qismi ta'mirtalab holatga kelib qolgan. Mutaxassislar sodir bo‘lgan favqulodda holatni katta avariya deb baholamoqda. Uning qachon bartaraf etilishi aniq emas. Ishchilarga ko‘ra, hali quvurning qayeri yorilgani ham aniqlanmagan.

Ishchilar juda noqulay holatda ishlayotganini ham ta'kidlash kerak. Avariya sodir bo‘lgan joyga elektr olib borish imkonsiz shekilli ular dvijok bilan ishlashga majbur bo‘lishmoqda. Ustalarning gapiga qaraganda, nasos ham nosozga o‘xshaydi. Xullas, bu avariya tezda bartaraf etilmasa bo‘lmaydi. Shahardagi ko‘p qavatli uylarda ichimlik suvisiz yashab bo‘lmasligini bilasiz, ayniqsa hojatxonalarga suv kelmasa, odamlar qiynalib qoladi. Ko‘pchilik qishloqdagi uyiga yoki ota-onasining uyiga vaqtincha ko‘chib ketganini eshitdik. Kafelarda bochkada suv saqlashga majbur bo‘lishyapti. Umid qilamiz, voqeaning ahamiyatini to‘g‘ri tushungan mutasaddilar katta kuch tashlagan holda Samarqand shahrining katta qismini suvsiz qoldirgan avariyani tezda bartaraf etadi.

O‘tkir Jalolxonov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid