21:15 / 10.05.2021
6107

Eron va Saudiya Arabistoni munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgani ma'lum bo‘ldi

2016 yilda diplomatik aloqalarni uzgan Eron va Saudiya Arabistoni o‘zaro keskinlikni pasaytirish maqsadida yaqinda muzokaralar o‘tkazgan. Bu haqda Eron tashqi ishlar vazirligi vakili Said Hatibzoda ma'lum qildi.

«Muloqotda e'tibor ikki tomonlama va mintaqaviy masalalarga qaratildi. Biz har qanday shakldagi va darajadagi bunday muzokaralarni hamisha ijobiy qarshilaganmiz», deb keltirgan Hatibzodaning so‘zlarini Mehr agentligi.

«Keskinlikni pasaytirish ikki tomon va mintaqa uchun ham manfaatlidir», deb qo‘shimcha qilgan Eron vakili hamda Tehron va Ar-Riyod munosabatlardagi muhitni yaxshilashiga va ko‘proq darajada o‘zaro hamfikrlikka erishishiga umid bildirgan.

Shu bilan birga, Hatibzoda muzokaralar natijalarini kutishga chaqirgan.

Avvalroq Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Saudiya televideniyesiga bergan intervyusida Ar-Riyod Eron bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishga umid qilayotganini aytgan. Keyinroq Eron tashqi ishlar vazirligi shahzodaning bunday bayonotini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. 

Ar-Riyodning Tehron bilan diplomatik aloqalarni uzishiga Saudiya Arabistonida nufuzli shia xatibi Nimr an-Nimr qatl etilganidan keyin Tehrondagi elchixona yonida yuz bergan tartibsizliklar olib kelgan.

O‘z navbatida, Mehr’ning eslatib o‘tishicha, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar uzilishiga Saudiya Arabistonining yamanlik husiylarga qarshi kampaniyada ishtirok etishi ham sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top