Hindistonga ketish sababi, u yerdagi hayot va «Bollywood» filmlaridagi ishtirok - O‘tkir Alimov bilan suhbat
UzbekLife xorijdagi hamyurtlarimiz bilan suhbatlarni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz bugungi kunda Nyu-Dehli shahridagi «Twisting scoops» kompaniyasida branch menejyer vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan O‘tkir Alimov.
Qahramonimiz Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida tug‘ilgan. Hindistonning Xalqaro Osmania universiteti «Xalqaro iqtisodiy munosabatlar» fakultetida tahsil olgan. Rus, ingliz, turk va hind tillarini biladi.
«Maktabda adabiyot, tarix va geografiya fanlariga juda qiziqardim...»
Bolalik paytlarim ko‘pincha bobolarim olis yurti tog‘li Dehqonobodning Oqirtma deb ataluvchi qishlog‘ida kechgan. Ko‘pkari uloq chopgan chavandozlar, keragada o‘tirib labida chanqovuz chalgan momolar, o‘tov ichkarisida to tongga qadar baxshilarning aytishuvlarini eshitib katta bo‘lganmiz. Maktabda adabiyot, tarix va geografiya fanlariga juda qiziqardim va bu tabiiyki kitobda o‘qigan va darsda eshitgan maskanlarni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rishni xohlaganman.
Orzularim bir kun kelib albatta amalga oshishiga ishonardim. Chunki o‘zimga bo‘lgan ishonch va qat'iyat bor edi. 2005-2008 yillar Toshkent shahridagi O‘zMU qoshidagi S.Sirojiddinov nomli akademik litseyda ijtimoiy gumanitar fanlar yo‘nalishida tahsil oldim. O‘sha paytlardagi intilish va ishtiyoq tufayli poytaxtdagi gazeta va jurnallarga she'rlar va maqolalarimni berib turardim.
2010 yilda Janubiy-G‘arbiy alohida harbiy okrugining Safarbarlik chaqiruvi rezervida harbiy xizmatda bo‘ldim. Keyinchalik «Kamolot» YIH (hozirgi Yoshlar Ittifoqi)ning tuman va viloyat bo‘limlarida ular safiga qo‘shilib ko‘pgina yutuqlarga erishdim.
«Har gal qancha ko‘p material olib borsam ham ijodiy imtihonlarda past baho qo‘yishgan...»
OAV vakillariga bergan avvalgi suhbatlarimda ham bu haqda alohida aytib o‘tganman. Ya'ni xorijga chiqib ketishimga sabab kuchli ishtiyoqdan tashqari, o‘sha paytlardagi o‘zimizning ta'lim tizimimizdagi ayrim adolatsizliklar, iste'dodlilarni to‘g‘ri va xolis baholay bilmaganliklari sabab chiqib ketganman. O‘zDJTUning Xalqaro jurnalistika sohasiga uch yil ketma-ket topshirib kirolmaganman. Jurnalist bo‘lishni, yurtimiz hayotiga oid yangiliklarni jonli efirlarda sharhlashni juda-juda istaganman. Har gal qancha ko‘p material (maqolalar, she'rlar, TV dasturlar) olib borsam ham ijodiy imtihonlarda past baho qo‘yishgan.
Gazetada ikkita (uniyam birov yozib bergan) maqolasi chiqqan ayrim «tanka»si bor abituriyentlarning ijodiy imtihonda eng yuqori ballarni olishi ko‘nglimni o‘ksitgan. Abituriyentlikdagi ketma-ket omadsizliklardan keyin menda chet tillarini o‘rganish, xorijda o‘qish istagi uyg‘ondi va deyarli chet tilim nol holatda tavakkal qilib 2013 yil Ukrainaning Mariupol davlat universitetining «Xorijiy tillarga tayyorlov» yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Bu bir yillik o‘quv kursi bo‘lib, faqat xorijiy tillarni o‘rgatar edi va o‘quv yili so‘ngida jahon standartlariga javob beradigan til sertifikati beriladi.
Ukrainada yurgan kezlarimda ham bo‘sh yurganim yo‘q. Kiyev, Xarkov, Odissa, Lvov, Donesk, Vinnitsa, Poltava kabi sharqiy Yevropaning madaniyatini, san'atini, namoyon qiladigan bir-biridan go‘zal shaharlarini tomosha qildim, do‘stlar orttirdim.
O‘quv kursini tugatgach, dunyo universitetlarining TOP 1000 talik reytingiga kiradigan Hindistonning Xalqaro Osmania universitetining «Xalqaro iqtisodiy munosabatlar» fakultetiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirdim.
Qancha qiyinchiliklarga qaramasdan oradan to‘rt yil o‘tib universitetni ham bitirib oldim va bugungi kunda soham bo‘yicha ishlab kerakli tajriba to‘playapman.
«Bollywood» filmlarida ishtirok etdim
Nokamtarlikka yo‘ymang-u, shu yerda bir narsani aytib o‘tsam: hatto «Bollywood»ga meni kichik epizodik rollarga ham taklif qilishgan. O‘sha paytlarda film bosh qahramonini o‘ynagan Amitabx Bachchan bilan «SeeRa» nomli tarixiy filmda britaniyalik askar rolini o‘ynaganman. Keyinchalik Shradha Kapur va Prabhas bilan «Saaho» nomli jangari filmda politsiya ofitseri rolida, « KGF. Chapter 2» filmida esa Sanjay Datt bilan kema ekipaji a'zosi rolida, rejissyor S.S.Rajamouli suratga olgan «RRR» tarixiy filmida Ajay Devgan va Ramcharan bilan birgalikda harbiy tribunal zobit rollarini o‘ynash nasib qildi. Hatto bir safar Bombeyga borganimda aktyor Sunil Shetty bilan suhbatlashish, u kishidan intervyu olish ham nasib etgan.
Oddiy xodimlikdan branch menejyer darajasigacha ko‘tarildim
Men ishlayotgan «Twisting scoops» kompaniyasining markaziy ofisi Nyu-Dehlida joylashgan bo‘lib, Hindistonning o‘zida 50 dan ortiq shaharlarida filiallari bor va hatto Nepalning Katmandu shahrida, Shri-Lankaning Kolombo shahrida, Bangladeshning Dakka shahrida ham o‘z filiallariga ega.
2013, 2015 yillarda ushbu kompaniya Hindistonning o‘zida eng yaxshi import mahsulotlari servisi nominatsiyalarida «The Times food awards» mukofotlarini qo‘lga kiritgan.
Kompaniyamiz asosan Turkiya, Xitoy va Malayziyadan aholi uchun iste'mol tovarlarini import qiladi. Buning ichiga shirinlik mahsulotlari va ularni tayyorlovchi texnik tovarlar kiradi. Import qilingan har bir mahsulot laboratoriyada yuqori malakali mutaxassislar tekshiruvidan o‘tgandan so‘ng shtatlar (viloyatlar)dagi filiallarga tarqatiladi.
2019 yili ushbu kompaniyaga oddiy xodim sifatida ishga kirganman va bugungi kunga kelib branch menejyer darajasigacha ko‘tarildim. Sababi oddiy: ishdagi mas'uliyat, tartib-intizom intizom, muomala madaniyati, xodimlarga hurmat va xorijiy tillarni bilishim menga ancha qo‘l kelgan. Hatto bir gal kompaniya boshqaruv raisi bilan suhbat qilganimizda O‘zbekistondan ham filial ochishini reja qilganligini va pandemiya ofatlari daf bo‘lgandan so‘ng uni amalga oshirishini aytgandi.
«Tsitrus mevalar deyarli tekin narxlarda…»
Aslini olganda o‘zbeklar hind diyorida kamdan kam hollarda muqim faoliyat yuritishi mumkin. Ko‘pchilik vatandoshlarimiz Hindistonning dori – farmatsevtika, kiyim-kechak mahsulotlari, turizm sohasi, tibbiy texnik uskunalar biznesini yo‘lga qo‘yishgan va ushbu mahsulotlarni import qiladi.
O‘zbeklardan farqli ravishda hindlar yurtimizda faoliyat yuritayotgani talaygina. Buning misoli sifatida «Indorama», «Oltinyol GTL» kabi yirik kompaniyalarda hindlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Hindistonning o‘zida xorijiy ishchilar nihoyatda kam. Borlari ham «Tata motors», «Bajaj electronics», «Mahindra», «Apollo» kabi yirik kompaniyalarda muhandislik, IT va tibbiyot sohalarida faoliyat yuritishadi.
Xorijiy ishchilarga imkoniyatlar haqida aytadigan bo‘lsam, asosan yuqori maosh, yaxshi yashash sharoiti bilan ta'minlanganlik, oylikdagi qo‘shimcha ish haqlari, yilda bir oylik to‘liq ta'til va bu ta'tilda sizga chegirmali havo chiptalarini berishadi. Bunda siz istagan davlatingizga qulay avia narxlarda dam olib kelishingiz mumkin. Bu imtiyozlarni ham kompaniyalar o‘z zimmasiga oladi.
Bu mamlakat boshqa davlatlarga qaraganda ancha arzonligini ko‘pchilik bilsa kerak. Tsitrus mevalar deyarli tekin narxlarda, kiyim-kechak esa nisbatan ancha arzon. Xorijiy tillarni yaxshiroq bilsangiz firma yoki kompaniyalardan tashqari kasalxonalarda tarjimon sifatida, hotellarda resepshionist sifatida ham ishlasangiz bo‘ladi.
Qisqa qilib aytganda, bu yerda to‘playotgan mablag‘ingizni keraksiz behuda narsalarga sarflamasangiz, maoshingizning kam qismi xarajatlaringizga ketadi va sizda pul yig‘ish imkoniyatlaringiz ko‘proq bo‘ladi.
Xorijda ishlayotgan har bir inson borki o‘z oilasi uchun, bola-chaqasi uchun va ularning kelajagi uchun harakat qilib ishlaydi va topganini iloji boricha uyga jo‘natadi. Chet elda to‘plagan ozgina tajribamdan kelib chiqib shuni maslahat bergan bo‘lardimki, hech qachon halol mehnatdan qochmang va og‘ir mehnat bo‘lsa-da qilayotgan ishingizdan hech qachon uyalmang. Rossiya kabi iqlimi sovuq davlatlarda men ham immigrant sifatida qurilishlarda ishlaganman. Goh och qolib, goh maoshimizni ololmasdan qolgan paytlarimiz ham ko‘p bo‘lgan. Yoki bo‘lmasa Turkiya kabi davlatda ham oddiy qora ishlarda kam maoshga ishlagan paytlarimiz ham bo‘lgan o‘z vaqtida.
Hind shifokorlarini mamlakatimizda ishlashga va tajriba almashishga jalb qilishimiz lozim
Bu mamlakatning tibbiyot sohasi rivojlangani bilan baribir ushbu pandemiya sharoitida sohaning biroz oqsoqligini ko‘rsatib qo‘ydi. Lekin shunga qaramasdan yurak xirurgiya, ko‘z kasalliklari, jigar sirrozi kabi kasalliklarga shifoxonalarda jarrohlik amaliyoti paytida shifo topilayotgani bu mamlakatning doktorlari kuchli ekanligidan dalolat beradi. Agar yana ham imkoniyati bo‘lsa, hind shifokorlarini mamlakatimizda ishlashga va tajriba almashishga jalb qilishimiz lozim. Ko‘proq Hindiston gospitallari filiallarini yurtimizda ochish kerak. Tibbiyot sohasida ijobiy hamkorlik samarasi o‘laroq ancha kasalliklar yaqin yo‘lamasligi aniq.
IT mutaxassislari ham juda kuchli bu yerda. Shu sohada ham ko‘pgina hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mumkin. Birgina Telangana shtatidagi Heyderabad shahrida axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan alohida shaharcha «Hitech City» bunyod etilgan.
Keyingi o‘rinda Hindistonning ta'lim sohasidagi ijobiy tajribalaridan ham namuna olishimiz mumkin.
Hindiston ta'lim tizimining biznikidan farqli tomonlari ko‘p. Maktab ta'lim shakli 12 sinfgacha, oliy ta'lim 3 yillik, magistratura esa 2 yillik qilib belgilangan. Maktab ta'limi asosan pullik bo‘lib, ko‘p kambag‘al oilalarning farzandlari ilojsizlikdan o‘qisholmaydi. Universitet va kollejlarda har bir internal yoki eksternal imtihonlari ham qo‘lda yoziladi. Imtihon paytida talabalarga muayyan vaqt beriladi va nazoratchilar sizni kuzatib turadi. Mobil aloqasi yoki kitoblardan foydalanish mumkin emas. Mabodo sizni qandaydir «shpargalka» bilan ushlab olishsa, o‘sha zahoti imtihon xonasidan chiqarib yuboradi va qoidani buzdi deb protokol tuzishadi. So‘ngra eng qiyin tomoni topshirayotgan faningizni kelasi semestrda qayta yozishingizga to‘g‘ri keladi. Ya'ni o‘qitganga yarasha talablari ham qattiq.
Bu yerda faqat ikki faslni ko‘rish mumkin xolos
Hindiston men uchun sinovlar mamlakati bo‘ldi desam ham bo‘ladi. Qariyb to‘rt yil umrimning yaxshi va yomon kunlari shu yerda o‘tmoqda.
O‘qishdagi qiyinchiliklardan tashqari, bu yerning ob-havosi yashash uchun ancha noqulay edi. Bu yerda faqat ikki faslni ko‘rish mumkin xolos: yoz va kuz. Apreldan boshlab jazirama davri boshlanadi, toki bu yomg‘irlar mavsumigacha, sentabr-oktyabr oylarigacha davom etadi. O‘zim kontraktda o‘qiganim uchun uydagilarga zararim tegmasin deb talabalik paytimda har xil katta-kichik ishlarni ham qilganman. Muhimi halol mehnat edi. O‘qishni bitirib kompaniyaga ishga kirganimda esa olayotgan maoshimda baraka bo‘ldi. Azaldan bir ulug‘ niyat bilan yurardim. Ota-onamiz bizlarni o‘qitdi, tarbiya qildi, halol mehnat qilishga o‘rgatishdi. Bolaligimizda uyimizda mashina yo‘q edi va men «katta bo‘lsam otamga albatta mashina olib beraman keyin onam bilan mazza qilib birga minib yuradi» derdim. Bu niyatimga farishtalar omin degan ekanmi, yaqinda to‘plagan pullarimni yig‘ib otamga yangi «Kobalt» mashinasini sovg‘a qildim. O‘sha paytdagi otamning xursandchiligini ko‘rsangiz edi. Ko‘zlariga yosh keldi. Bu gaplarni maqtanish yo minnat uchun aytayotganim yo‘q. Shunday ulug‘ niyatni diliga tukkan yoshlarga ozgina bo‘lsa-da motivatsiya bo‘lsin deb aytyapman.
Qayerda va qanday yashayotganingizdan qat'i nazar orzu qilishdan va uni amalga oshirishdan to‘xtab qolmang.
Asliddin Annayev suhbatlashdi
Mavzuga oid
20:58 / 19.11.2024
Putin Hindistonga boradi
16:43 / 17.11.2024
Hindiston birinchi gipertovushli raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi
16:50 / 16.11.2024
Hindistonda havo ifloslanishi kuchayib ketganidan Toj Mahal ko‘rinmay qoldi
17:36 / 14.11.2024