Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozondagi maktabda otishma: O‘quvchilar yuqori qavatdan o‘zini tashladi, qurbonlar soni o‘ndan ortiq
OAV xabariga ko‘ra, Tatariston poytaxtida ro‘y bergan hodisa oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘lgan, 30dan ortiq kishi shifoxonaga yotqizilgan. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olingan.
11 may kuni Rossiyaning Qozon shahridagi Javdat Fayzi ko‘chasida joylashgan 175-maktabda otishma ro‘y berdi.
RIA Novosti xabariga ko‘ra, otishmadan keyin portlash ovozi ham eshitilgan. Internetda tarqalgan videolardan birida o‘quvchilarning ikki nafari to‘rtinchi qavatdan o‘zini tashlagani aks etgan.
Dastlabki xabarlarda maktabga ikki nafar qurollangan shaxs bostirib kirgani va o‘quvchilarni o‘qqa tuta boshlagani aytilgandi.
Tez orada hujum qilgan shaxs maktab hovlisida qo‘lga olindi.
Zaderjaniye odnogo iz napadavshix. Video: Readovka pic.twitter.com/GsQmBFvTIM
— MBX media (@MBKhMedia) May 11, 2021
Ijtimoiy tarmoqda uning hibsga olingan holatdagi surati tarqaldi.

Baza manbasi qo‘lga olingan shaxs haqida ma'lumotlar keltirgan — u 19 yoshli Ilnaz Galyaviyev bo‘lib, to‘rt yil muqaddam ushbu gimnaziyani tamomlagan, hozirda kollejda o‘qiydi. Bir necha kun muqaddam u telegram-kanal ochgani, u yerda o‘zini «xudo» deb atagani, bugun tongda «ko‘p miqdordagi biochiqindilarni yo‘q qilmoqchiligi», keyin o‘zini ham o‘ldirishi haqida yozgan. Otishmadan keyin Telegram ma'muriyati kanalni yopib tashlagan.
Galyaviyevning qurolga ruxsatnomasi bo‘lgan, deputat Aleksandr Xinshteynning xabar qilishicha, u ruxsatnomani ikki hafta oldin, 28 aprel kuni olgan. U aprel oyida kollejdan haydalgani ma'lum bo‘lgan.
«Biznes Online» nashri ma'lumotiga ko‘ra, politsiya Tuganlik ko‘chasidagi 10-uyni tintuv qilishga kelgan. Baza ma'lumotiga ko‘ra, qo‘lga olingan o‘smir o‘zi yashaydigan kvartirada bomba borligi haqida aytgan. Huquq-tartibot organlari xodimlari bu kvartirani shturm qilishga qaror qilgan, hududdagi boshqa uylarda yashovchilar evakuatsiya qilingan.
Dastlabki xabarlarda yana bir jinoyatchi gimnaziyaning to‘rtinchi qavatiga joylashgan holda qarshilik ko‘rsatishda davom etgani, u bir necha o‘quvchini garovga olgani haqida aytilgandi. Mash, «Interfaks» va TASS manbalari u maxsus amaliyot chog‘ida yo‘q qilingani haqida xabar tarqatdi.
Ammo voqea joyida intervyu bergan Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov jinoyatchi yolg‘iz harakatlangani, uning «boshqa sheriklari aniqlanmagani» haqida ma'lum qildi. Ikkinchi hujum qiluvchi haqidagi ma'lumotlar politsiya tomonidan ham rad etildi.
RBK manbasi ma'lumotiga ko‘ra, jinoyatchiga sheriklikda gumon qilinib, 41 yoshli Ramil Muxamedshin qo‘lga olingan.
«Otkrytyye media» xabariga ko‘ra, Ilnaz Galyaviyevning otasi ham tergovga chaqirilgan.

Minnixanovning matbuot xizmati hodisa oqibatida 8 kishi — yetti o‘quvchi va bir o‘qituvchi halok bo‘lgani, 20 kishi jarohatlangani haqida xabar bergan.
OAV xabariga ko‘ra esa, otishma oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘lgani, shuningdek, 32 kishi jarohatlangani aytilgan. Maktab hududi o‘rab olingan. O‘quvchilar qo‘shni binoga ko‘chirilgan. Derazalardan sakraganlarning ikki nafari voqea joyida halok bo‘lgan.

Qozon shahridagi barcha maktablarda kunning ikkinchi qismidagi darslar bekor qilingan. 12 may Tataristonda motam kuni deb e'lon qilingan.
Mavzuga oid
19:28 / 22.12.2025
Toshkent va Qozon o‘rtasida poyezdlar harakati tiklandi
13:53 / 14.11.2025
Toshkentdan Qozonga muntazam yo‘lovchi poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
11:07 / 04.11.2025
Uzbekistan Airways reyslari Ufa o‘rniga Qozonga yo‘naltirildi
09:51 / 20.01.2025