Jahon | 22:42 / 12.05.2021
10426
3 daqiqa o‘qiladi

Radovan Karajich umrbod qamoq jazosini Britaniyada o‘taydi

Rasmiy London Serb Respublikasining birinchi prezidenti, sobiq Yugoslaviyadagi urush vaqtida Bosniyaning musulmon aholisini ommaviy qirishda ayblangan Radovan Karajich unga chiqarilgan umrbod qamoq jazosining qolgan qismini Britaniyadagi turmada o‘tkazishiga rozi bo‘ldi.

75 yoshli Karajich 1995 yilda Srebrenitsa shahrida bosniyalik musulmonlarning ommaviy o‘ldirilishida, harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanib, 2019 yilda umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab Karajich «genotsidda aybdor deb topilganlar sanoqli odamlardan biri» ekanini aytgan. «U Srebrenitsadagi genotsid vaqtida erkaklar, ayollar va bolalarning ommaviy o‘ldirilishi uchun javobgar bo‘lgan va tinch aholiga qarshi o‘zining shafqatsiz hujumlari bilan Sarayevoni qamal qilishda yordam bergan», deb aytilgan Britaniya tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Haagadagi xalqaro tribunal Karajichni 13 yil davomida qidirgan va 2008 yildagina qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgan. U 2016 yil martida 11ta ayblov bandidan 10tasida aybdor deb topilib, 40 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Biroq keyinroq Haaga sudi bu jazoni «juda yumshoq» deb topib, Karajichni umrbod qamoq jazosiga mahkum qilgan. Karajich advokatlaridan biri Goran Petroniyevichning ta'kidlashicha, hukm chiqarilgandan keyin Karajich BMT Xavfsizlik kengashi va Haagadagi tribunal bilan sudlanganlarni saqlash bo‘yicha kelishuv tuzgan davlatlardan biridagi turmaga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan. Bunday davlatlar orasida Britaniyadan tashqari, Avstriya, Belgiya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Finlandiya, Fransiya, Shvetsiya bo‘lgan. Shuningdek, Serbiya adliya vazirligi Haaga tribunali bilan Karajich qamoq jazosini Belgraddagi turmalardan birida o‘tashi bo‘yicha kelishishga harakat qilgan.

1995 yil iyulda Srebrenitsada bosniyalik serblar armiyasi tomonidan 8 mingga yaqin musulmon o‘ldirilgan. Bu qatliom Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropadagi eng yirik ommaviy qotillik hisoblanadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid