O‘zbekiston | 15:10 / 18.05.2021
10229
4 daqiqa o‘qiladi

«Hozir aktyorlar saviyasi tomoshabinlarniki bilan bir xil». Bahodir Yo‘ldoshev san'at haqida nimalar degandi? 

16 may kuni o‘zbek san'ati yana bir judolikni boshdan kechirdi. O‘zbekiston xalq artisti, rejissyor, aktyor, yoshlar murabbiyi Bahodir Yo‘ldoshev vafot etdi.  

Bahodir Yo‘ldoshev Shillerning "Qaroqchilar", L.Tolstoyning "Tirik murda", Uyg‘unning "Abu Ali ibn Sino", "Beruniy", "Zebunniso", S.Ahmadning "Kelinlar qo‘zg‘oloni", P.Qodirovning "Yulduzli tunlar" asarlarini sahnaga qo‘yib, madaniy jamoatchilik nazariga tushdi. 

Rejissyor “Men bilgan haqiqatlar” ko‘rsatuviga bergan intervyusida teatr, aktyorlar mahorati, saviyasi haqida quyidagi fikrlarini bildirgan edi: 

“Ba'zi teatrlarda spektakl boshlanishidan oldin aktyorlar foyega chiqib, tomoshabinlar bilan rasmga tushishadi. Bu holat, menimcha, teatr obro‘sini tushirishdir. Tomoshabin aktyorni faqat sahnada ko‘rishi kerak. Xalqqa yaqinlik boshqacha bo‘lishi lozim. Xalq o‘z dardini aktyor ijrosida ko‘rsa, mana shu yaqinlik hisoblanadi.  

Teatr aktyorlari “to‘yib” qoladi. Ularni unvonlar to‘ydiradi. Endi u xalq artisti. Rolni bersangiz, men o‘ynab tashlayman, deydi, ya'ni rolni mensimaydi. Umrining oxirigacha rolni mensiydigan aktyorlar nihoyatda kam. Biz ularni haligacha eslaymiz: Shukur Burhonov, G‘ani A'zamovlar. Masalan, G‘ani A'zamov 80 yoshga kirganda “Oltin devor” spektaklida rol o‘ynagan. Uning ijrosini ko‘ring: uning vajohat bilan rol ijro etishidan yosh aktyorlar yo‘lda qolib ketadi.  

Hamma aytardiki, aktyor teatrga keldimi, unvonlarini teatr eshigida qoldirishi kerak. Teatrga oddiy odam bo‘lib kelish lozim. Repetitsiyada unvonning aloqasi bo‘lmaydi. Bu holat yosh aktyorlarga ham ta'sir qiladi. Aktyorlar tushunishi kerak: unvon kim uchun berilyapti? Albatta, unvon berilishi kerak. Unvon, aslida, aktyorni voyaga yetkazgan ota-onasiniki, yaqinlariniki. Teatr nihoyatda qattiq jazolaydi.  

Hozirgi paytda ko‘zga ko‘rinadigan spektakllar deyarli yo‘q, chunki aktyorlar saviyasi tomoshabinlarniki bilan bir xil. Tomosha zalida ko‘pchilik pul topish, uy qurish, katta to‘y qilish, boylikka intilish o‘ylari bilan yashaydi.  

Aktyorlar ham shu o‘y bilan hayot kechirishadi. Aslida, aktyorlarning saviyasi bir pog‘ona balandroq bo‘lishi kerak. Shuning uchun sahna tomoshabin zalidan balandroq turadi. Ilgari rol uchun talash bo‘lardi. Ba'zi aktyorlar bir umr armon qilishardi qaysidir rol berilmagani uchun. Hozirgilar esa iloji boricha rol o‘ynamaslikni poylashadi. O‘rniga o‘ynab turadigan dublyor olsa bo‘ldi ularga. Chunki ularning teatrdan boshqa ishlari ko‘p: to‘y bor, biznes bor. 

Haqiqiy aktyorlar yo‘q bo‘lib ketishi mumkinmas. Ular bor. Ularni tarbiyalash, ularga yordam berish kerak. Ular uchun maktablar ochish, xorijdan pedagoglarni jalb qilish zarur. Xorijga borib o‘qishlari, u yerdagi teatrlarni borib ko‘rishlari lozim. Ana shunda o‘zbek teatrida o‘sish bo‘ladi. Nasib bo‘lsa, bu ishlar amalga oshiriladi va hukumat, albatta, buni tushunib yetadi. Agar davlat bu fikrga kelmasa, rivojlanolmaymiz. Xalq ongini ziyolilar rivojlantiradi. Ziyoli fermer, ziyoli ishbilarmonlar taraqqiyotga hissa qo‘shishadi. Teatrsiz bu ishlarni amalga oshirib bo‘lmaydi”, degandi Bahodir Yo‘ldoshev.

Mavzuga oid