O‘zbekiston | 16:14 / 18.05.2021
3990
2 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy tarbiya va sport universitetida yangi fakultet tashkil qilinadi

Prezident “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanadigan trenerlar va uslubchi-yo‘riqchilar, ko‘zi ojizlar, kar va zaif eshituvchilar, amputantlar bilan ishlovchi mutaxassislar (surdo, tiflo-surdo va xalqaro-surdo tarjimonlari) hamda boshqa kadrlarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Paralimpiya fakulteti tashkil qilinadi.

Paralimpiya qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti tashkil etiladi.

Belgilab qo‘yilishicha, Institut paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanadigan trenerlar, uslubchi-yo‘riqchilar hamda boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashgan ilmiy-ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

  • shartnoma (pullik) asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar;
  • yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalari;
  • xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;
  • qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Institut faoliyatini qo‘shimcha moliyalashtirish uchun Davlat budjeti mablag‘lari ham yo‘naltirilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid