23:05 / 18.05.2021
5139

Xorijiy sayyohlarni jalb qilgan turfirmalarga to‘lanadigan subsidiyalar miqdori ma'lum bo‘ldi

Subsidiyalar O‘zbekiston hududidagi joylashtirish vositalarida kamida 5 kecha tunashni o‘z ichiga olgan turni tashkil qilgan turoperator va turagentlarga 15 AQSh dollari miqdorida berilishi belgilandi.

Turizm va sport vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari fonddan turoperator, turagent va joylashtirish vositalari uchun subsidiya berish tartibi belgilandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma'lum qildi.

Subsidiyalar «Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyatda turizm sohasi sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash va turizm infratuzilmasini rivojlantirish to‘g‘risida»gi 602-sonli hukumat qaroriga asosan joriy etilmoqda.

Qarorga ko‘ra, subsidiya xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (xorijiy turistlar) uchun O‘zbekiston Respublikasi hududidagi joylashtirish vositalarida kamida 5 kecha tunashni o‘z ichiga olgan turni tashkil qilgan turoperator va turagentlarga beriladi.

Subsidiyalar 15 AQSh dollari miqdorida – milliy valutada to‘lov kunidagi Markaziy bank kursi bo‘yicha ajratiladi.

«Turistik mavsum ochilishi munosabati bilan mazkur subsidiyani olish uchun turoperatorlarning ilk arizalari qabul qilinib, ishlab chiqilgan. Joriy yilning mart oyida turoperatorlardan 99 nafar xorijiy turist uchun 1485 dollar va 15 mln 632 ming so‘m summani qamrab olgan ikkita ariza qabul qilingan.

Umuman olganda, 2021 yilning mart oyida O‘zbekistonga 123,4 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan va oy sayin ushbu ko‘rsatkichning sezilarli darajada oshishi kutilmoqda», – deyiladi rasmiy xabarda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, xorijdan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilar soni 2020 yil mart oyida 7788tani, 2021 yilning shu davrida esa 12 428tani tashkil qilgan.

O‘zbekistonga MDH davlatlaridan eng ko‘p tashrif buyuruvchilar Qozog‘iston va Qirg‘izistondan. 2021 yil martda Qozog‘istondan 46 182, Qirg‘izistondan esa 50 206 tashrif buyuruvchi. Pandemiya davrida esa 2020 yilning martida, qo‘shni davlatlardan O‘zbekistonga keluvchilar soni 2021 yilga nisbatan ko‘proq bo‘lgan.

Avvalroq, aviatashuvchilarga mamlakatimizdagi ichki aviaqatnovlar chipta narxlarining 25 foizi, turoperator va turagentlar tomonidan mahalliy sayyohlar uchun tashkil etilgan turlarga avia hamda temir yo‘l chiptalari narxining 15 foizi miqdorida subsidiyalar ajratilishi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid
Top