O‘zbekiston | 08:59 / 19.05.2021
4614
2 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida axborot berganlarning shaxsi sir saqlanishi belgilab qo‘yiladi

Foto: KUN.UZ

2021 yil 18 may kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Ta'kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini tartibga soluvchi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda sodir etilgan, sodir etilayotgan yoxud tayyorlanayotgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berganlarning shaxsiga oid ma'lumotlar sir saqlanishini kafolatlovchi normalar mavjud emasligi amaliyotda ayrim muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Shundan kelib chiqib, sohadagi muammolarni bartaraf etish maqsadida, qonun loyihasida ushbu masalalarga alohida e'tibor qaratildi. Loyihadagi normalar bilan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotganlarning shaxsi sir saqlanishi, o‘zining, shuningdek yaqin qarindoshlarining ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishi davlat tomonidan kafolatlanmoqda.

Qonun loyihasi bilan “Prokuratura to‘g‘risida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlarga ko‘ra tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilyapti.

Mazkur qonun loyihasidagi normalar jamiyatda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga chek qo‘yish hamda unga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid