Jahon | 00:06 / 20.05.2021
7022
2 daqiqa o‘qiladi

Marokash podshohini shantaj qilishda gumonlangan ikki fransuz jurnalisti sud oldida javob beradi

Foto: Reuters

Marokash podshohi Muhammad VI’ni shantaj qilishda gumonlangan ikki fransuz jurnalisti sud oldida javob beradi. Bu haqda Agence France-Presse (AFP) axborot agentligi manbalarga tayanib xabar berdi.

Sud oldida Erik Loran va Katrin Grase javob beradi. Shu bilan birga, ulardan tovlamachilik bo‘yicha ayblovlar olingan.

Jurnalistlar 2015 yil Parijda ushlangan. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, ular Marokashning Fransiyadagi elchixonasiga murojaat qilib, podshohlik va Muhammad VI haqida kitob yozishda ko‘mak ko‘rsatishni so‘rashgan. Jurnalistlar podshohlik uyi vakillari bilan uchrashuvda kitob podshohning sha'niga dog‘ tushirishi mumkinligiga shama qilishgan va uni chop etmaslik uchun 3 mln yevro so‘rashgan.

Marokashlik diplomatlar ushbu vaziyat yuzasidan Fransiya mutasaddi idoralariga murojaat qilishgan. Shundan keyin jurnalistlar bilan Parijdagi kafelardan birida uchrashuv tashkillashtirishga qaror qilingan. Jurnalistlar o‘zlari so‘ragan pulni olganlaridan keyin hibsga olingan.

Loran va Grase Fransiyada taniqli jurnalistlar bo‘lib, ular asosan jurnalistik surishtiruvlar bilan shug‘ullanishgan. Jumladan, Loran bank sohasidagi firibgarliklar, neft biznesi, Yaqin Sharqdagi siyosat mavzulari bo‘yicha bir nechta kitob chop etgan. Grase esa sobiq prezident Nikolya Sarkozi saylov kampaniyasining Liviya sobiq yetakchisi Muammar Kazzofiy tomonidan ehtimoliy moliyalashtirilishi bo‘yicha surishtiruv olib borgan.

Ular avvalroq ham Marokash mavzusida kitob yozib, unda podshoh Muhammad VI’ni salbiy jihatdan yoritishgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid