20:41 / 20.05.2021
7984

Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri mamlakatda koronavirus yuqtirgan birorta ham bemor yo‘qligini ma'lum qildi

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, respublikada «zotiljamga qayta chalinish holatlari» qayd etilgan.

Foto: Asia-Plus

Tojikiston sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vaziri Jamoliddin Abdullozoda mamlakatda koronavirus yana tarqalayotgani haqidagi xabarlar yolg‘onligini aytdi.

«OAV mamlakat shifoxonalariga koronavirus yuqtirgan bemorlar olib kelinayotganini yozmoqda. Bu haqiqatga mos kelmaydi», – dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikada «zotiljamga qayta chalinish holatlari» qayd etilgan.

«Ular shifokorlar ko‘rsatmalariga amal qilmaslik natijasida zotiljamga chalingan. Ularning barchasi havo isib ketgani uchun suv havzalarida cho‘milish oqibatida kasallangan. Ular atrofdagilarga xavf tug‘dirmaydi va kasallik yuqtirmaydi», – dedi Abdullozoda.

Ma'lumot berilishicha, O‘zbekistondan Xo‘jand shahriga kelgan Yaman fuqarosida koronavirusga test natijasi musbat chiqqan.

Shu bilan birga, hozirda yamanlik fuqaro davolanayotgan Xo‘jand yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Rustam Bo‘riyev unda koronavirus simptomlari yo‘qligini va kuzatuv ostida ekanini aytdi.

Bo‘riyev, shuningdek, oxirgi haftada 15 kishi yuqori harorat bilan shifoxonaga yotqizilganini ma'lum qildi.

«Ammo ularda COVID emas, mavsumiy zotiljam aniqlandi», – dedi u.

Top