O‘zbekiston | 11:38 / 20.05.2021
2919
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda sud-huquq yo‘nalishidagi ommaviy qabullar boshlandi

Fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida, Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Sudyalar Oliy Kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi rahbar xodimlari ishtirokida Xorazm viloyatida ommaviy qabullar o‘tkazilmoqda.

Jumladan, qabullarda Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Islomov, Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov, Sud inspeksiyasi rahbari Turg‘unboy Buvayev, Bosh prokuror o‘rinbosari Shuhrat Uzoqov va boshqa ishchi guruhi a'zolari aholining murojaatlarini eshitib, zarur bo‘lgan huquqiy maslahatlar berishmoqda.

19 may kuni ommaviy qabullar Tuproqqal'a va Hazorasp tumanlarida o‘tkazildi. Fuqarolar jinoiy va ma'muriy ishlar yuzasidan chiqarilgan qarorlar bo‘yicha norozilik, aliment masalasida yordam, uy-joy nizolarini hal qilish, MIB xodimlari xatti-harakatlari bo‘yicha shikoyat, ishdan noqonuniy bo‘shatilish, mulk huquqini tiklash masalalari bo‘yicha murojaat qilishdi. 

20-21 may kunlari o‘tkaziladigan ommaviy qabullar jadvali quyidagicha:

  • 20 may, soat 9:00 – Qo‘shko‘pir, Xiva tumanlari va Xiva shahri uchun 
  • (Qo‘shko‘pir tumani, «Chamanzor» mahallasi, Obodonlashtirish boshqarmasida)
  • 20 may, soat 14:30 – Yangibozor, Shovot va Gurlan tumanlari uchun 
  • (Yangibozor tumani, «Iftixor» mahallasi, «Abdulla Qodiriy» bog‘ida)
  • 21 may, soat 9:00 – Bog‘ot,  Xonqa va Yangiariq tumanlari uchun
  • (Bog‘ot tumani, «Gulshan» mahallasi, 18-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi)
  • 21 may, soat 14:30 – Urganch tumani va Urganch shahri uchun
  • (Urganch tumani, 38-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabida)

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid