23:03 / 21.05.2021
7320

Kolumbiya Amerika kubogini o‘tkazish huquqidan mahrum etildi

Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (Conmebol) Kolumbiyani Amerika kubogini o‘tkazish huquqidan mahrum qildi va mamlakat rasmiylarining chempionatni iyundan kechroq sanaga ko‘chirish iltimosini rad etdi.

Foto: Getty Images

Conmebol’ning bunday qaror chiqarishiga AQSh davlat departamentining Kolumbiyadagi vaziyat bo‘yicha hisoboti sabab bo‘lgan. Hisobotda Kolumbiyada davom etayotgan siyosiy tartibsizliklar va pandemiya bilan bog‘liq og‘ir vaziyat sababli ushbu mamlakatga safar qilish xavfsiz emasligi ta'kidlab o‘tilgan.  

Conmebol’da, shuningdek, musobaqa logistikasi va xalqaro musobaqalar jadvaliga ko‘ra, Amerika kubogi o‘tkazilishini noyabr oyiga ko‘chirish ilojsizligi aytilgan. 

Ta'kidlanishicha, musobaqa belgilangan muddatda bo‘lib o‘tadi va Kolumbiyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan o‘yinlar qayerga ko‘chirilishi haqida yaqin kunlarda axborot beriladi.

2020 yilda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Amerika kubogi pandemiya sababli 2021 yilga ko‘chirilgandi. Musobaqa 13 iyundan 10 iyulgacha Argentina va Kolumbiyada bo‘lib o‘tishi kerak edi.

Kolumbiyada soliq oshirilishiga qarshi bir necha hafta oldin norozilik namoyishlari boshlangandi va prezident Ivan Duke soliq islohotidan voz kechganiga qaramay, ular hanuzgacha davom etmoqda. Talabalar va ishchilar tashkilotlari endilikda soliq islohoti bekor qilinishidan tashqari, pandemiya sababli kiritilgan favqulodda vaziyat shartlari ko‘rib chiqilishi, sog‘liqni saqlash tizimi isloh qilinishi, politsiya tartibsizliklarga qarshi kurashish bo‘limi Esmad’ning yopilishi va namoyishchilarni o‘ldirishga aloqadorlar jazolanishini talab qilmoqda. 11 may holatiga ko‘ra, mamlakatdagi noroziliklar vaqtida 41 namoyishchi va bir politsiyachi halok bo‘lgan, 168 kishi bedarak yo‘qolgan.

 

Top