Jahon | 20:01 / 23.05.2021
28328
3 daqiqa o‘qiladi

Italiyada kanat arqoni uzilib ketdi, 14 kishi halok bo‘ldi

Italiyada Alp tog‘laridagi dor yo‘l kabinasi arqoni uzilib yerga qulashi oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘ldi. Baxsiz hodisa Majore ko‘li yaqinida Streza kommunasini G‘arbiy Alpdagi Mottarone tog‘i cho‘qqisi bilan bog‘lovchi funikulyorda yuz bergan.

Il Messaggero nashrining xabar berishicha, kabina odamlarni Streza shaharchasidan Pemont viloyati hududidagi Mottarrone tog‘iga olib borayotganida halokat ro‘y bergan, dor yo‘lning po‘lat arqoni uzilib ketishi oqibatida kabina yetib borish qiyin bo‘lgan o‘rmon hududiga qulagan. Bu esa qutqaruv amaliyotini o‘tkazishni qiyinlashtirgan.

Voqea joyida 5 va 9 yoshlarda bo‘lgan ikki bola jarohatlangan holda topilgan. Ular qutqaruv xizmatlari vertolyotida Turinga yetkazilgan. Ammo 9 yoshli bola shifoxonada jon bergan. Ikkinchi bola hushiga kelgan, shifokorlar uni operatsiya qilishgan.

Qutqaruvchilar qurbonlar soni oshishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Foto:  ANSA

Avariya joyida qutqaruvchilar, politsiya va o‘t o‘chiruvchilar ishlamoqda.

Bu avariya haqida nimalar ma'lum?
Avariyaning aniq sababi hozircha ma'lum emas, ammo guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, kabina mustahkamlangan metall tros Mottarone cho‘qqisidagi belgilangan manzilga yetishga 300 metr qolganda uzilib ketgan.

Strezani Mottarone bilan bog‘lovchi ko‘tarma yo‘l 20 daqiqa ichida yo‘lovchilarni dengiz sathidan 1491 metr balandlikdagi manzilga yetkazadi.

Arqon yo‘li kabinasining sig‘imi 40 yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Qulagan kabina ichida qancha odam bo‘lgani hozircha noma'lum.

Qutqaruv xizmatiga signal mahalliy vaqt bilan kunduzi kelib tushgan.

Qutqaruvchilar yuqoridan tushib ketgan kabinani yerda deyarli butunlay pachoqlanib, ostin-ustun bo‘lgan holda topgan. Kabina 20 metr balandlikdan qulagach, yerda bir necha bor ag‘darilgan, keyin daraxtlar bilan to‘qnashib to‘xtagan.

Italiya bosh vaziri Mario Dragi avariyani fojia deb atadi.

«Hukumat nomidan halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildiraman, xayolim jabrlangan bolalar va ularning ota-onalari bilan», deya qayd etilgan rasmiy bayonotda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, dor yo‘l 1970 yilda ochilgan bo‘lib, u odamlarni Lago-Majore ko‘lidan 1,5 ming metr balandlikdagi Mottarone tog‘i cho‘qqisiga olib chiqqan. Butun yo‘nalish 20 daqiqa vaqt olgan. 2014-2016 yillarda dor yo‘l infratuzilmasini yangilash bo‘yicha ishlar o‘tkazilgan.

Italiyaning tog‘li kurortlaridagi dor yo‘llar pandemiya sababli qishki mavsum yopiq bo‘lgandan keyin ushbu dam olish kunlarigina ishlay boshlagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid