Jahon | 18:31 / 25.05.2021
31012
12 daqiqa o‘qiladi

Isroil-Falastin sulhida Misr qanday qilib Turkiyaga qaraganda samaraliroq rol o‘ynadi?

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an faol diplomatiya va otashin ritorika bilan Falastin-Isroil mojarosida hal qiluvchi rol o‘ynashga harakat qilgan bo‘lsa-da, sulhni ta'minlovchi jarayonning asosiy kuchi Misr bo‘ldi.

2014 yilgi urushdagi kabi Qatar va Turkiya HAMASga ta'sir qilishga urinib ko‘rdi, ammo G‘azo va Isroildagi tashkilotlar bilan aloqalari tufayli Misr vositachi mamlakat sifatida o‘z pozitsiyasini saqlab qoldi.

G‘azodagi tashkilotlar va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish harakatlarini Misr razvedkasi boshlig‘i Abbos Komil va tashqi ishlar vaziri Sami Shukri olib bordi.

Erdo‘g‘anning Isroilga aytgan so‘zlaridan bezovta bo‘lgan Amerika ma'muriyati ham o‘t ochishni to‘xtatish uchun Misr bilan yaqin hamkorlik qildi.

Covid-19 pandemiyasi sababli ichki muammolarga e'tibor qaratgan va xalqaro siyosatda ustuvorlikni Xitoy, Rossiya va Eronga bergan Amerika ma'muriyati muammoning energiya sarfini kengaytirmaslik uchun Isroilga sezilarli bosim o‘tkazdi. AQSh Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari Hodi Amr va Joudi Hud tomonidan mintaqada muzokaralar olib borilishi asnosida Misr bilan aloqa kuchaydi.

Qohiraning sa'y-harakatlari Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi va AQSh prezidenti Jo Bayden o‘rtasidagi ilk telefon qo‘ng‘irog‘iga ham sabab bo‘ldi. Sulh e'lon qilinishidan bir necha soat oldin Bayden Sisiga qo‘ng‘iroq qildi va unga tutgan roli uchun minnatdorchilik bildirdi, keskinlikni kamaytirish yo‘llari haqida gapirdi.

Sisi Bayden bilan munosabatlarda Erdo‘g‘andan ustun keldi

Erdo‘g‘an Isroilni terroristik davlat, deb ayblashdan tashqari yana bir bayonot berdi. U «Yahudiy bosh vazir» deb tilga olgan, ammo ismi aytilmagan isroillik bir rahbar Turkiyaga tashrifi chog‘ida unga «Men generallik paytimda falastinliklarni o‘ldirgandim va bu menga juda katta zavq bergandi» deganini aytishi ortidan Erdo‘g‘an Amerika ma'muriyati tomonidan ilk bor «antisemit so‘zlar ishlatish»da ayblandi. 

Shu taxlit o‘zaro ayblovlar davom etar ekan, AQShning Turkiyadan vositachilik qilishni so‘rashi uchun asos qolmadi.

Erdo‘g‘an ham, Sisi ham Bayden bilan munosabatlarni muammoli tarzda boshlagani hisobga olinsa, Misr bu jarayondan foyda bilan chiqqan tomon bo‘ldi, deyish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, Falastin-Isroil mojarosiga yondashish Anqara-Vashington yo‘nalishidan uzoqlashib, Qohira-Vashington yo‘nalishiga yaqinlashdi.

Tel-Aviv bilan munosabatlarning darajasi va tabiati Anqaraga Isroil bilan aloqada bo‘lish yoki unga ta'sir o‘tkazishga imkon bermadi. Shubhasiz, Erdo‘g‘an HAMAS va Isroil o‘rtasida vositachi bo‘lishni uddalay olganida bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermagan bo‘lar edi. Shu bois, Erdo‘g‘anning strategiyasi xalqaro maydonda Isroilni bostirish uchun harakat sifatida oldinga chiqdi.

HAMAS Misrga quloq soladi

Erdo‘g‘an strategiyasining natijalari bo‘yicha ikkita asosiy fikrni aytish mumkin:

Birinchidan, HAMAS bilan aloqalar sulhga erishish darajasidagi ta'sirga ega bo‘lmadi.

Ikkinchidan, diplomatik aloqalar xalqaro hamjamiyat kutganidek chiqmadi.

Turkiyaning Falastinga ta'sir o‘tkazish qobiliyatiga oid mubolag‘ali xulosalar Erdo‘g‘anning izdoshlari uchun ham, Isroil uchun ham odatiy holdir. Qolaversa, «Falastin tarafdorlari» tashabbuslari va ritorikasi HAMASga jiddiy ta'sir ko‘rsatmaydi.

Tashkilot vakili Fevzi Berhum Al Jazeera kanalining savoliga javob berar ekan, raketa hujumlarini to‘xtatish uchun Turkiya va Qatarning HAMAS bilan aloqaga chiqqanini tilga oldi. 

HAMAS o‘zining Turkiya va Qatar bilan aloqalariga, shubhasiz, ahamiyat qaratsa-da, u masala o‘t ochishni boshlashga kelganda Eronga, o‘t ochishni to‘xtatish harakatlari boshlanganda esa Misrga tayanadigan tashkilotdir.

Qolaversa, siyosiy sharoitlar ham juda o‘zgargan: bir tomondan, Turkiya «Musulmon birodarlar»ni qo‘llab-quvvatlashni qisqartirish evaziga Qohira bilan normallashish chiptasini sotib olgan ko‘rinadi. Boshqa tomondan esa Suriyadagi inqiroz paytida Doha va Anqaraning taklifi bilan siyosiy idorasini Damashqdan olib chiqqan HAMAS ham «qarshilik o‘qi»dagi avvalgi joyiga qaytishga harakat qilmoqda.

Bundan tashqari, yana bir haqiqat ham mavjud: HAMAS har qanday holatda ham Misrni bee'tibor qoldiradigan holatda emas.

HAMAS-Misr munosabatlarining tabiati

HAMASning Misr bilan munosabatlarini belgilaydigan narsa ishonch va sheriklik emac, majburiyatdir. Falastinliklar 2008 yilda «Qo‘rg‘oshin operatsiyasi»dan oldin G‘azoda HAMAS boshqaruviga barham berish bo‘yicha Qohira va Tel-Aviv o‘rtasida kelishuvga erishilgan deb o‘ylagandi.

HAMAS Muhammad Mursiy boshqaruvidan juda umidvor edi. Ammo HAMAS uchun haqiqiy fojia «Musulmon birodarlar» davrida Misr armiyasining chegara tunnellarini yopib qo‘yishi bo‘lgandi. Husni Muborak davrida Misr razvedkasi tomonidan ko‘z yumib kelingan 550ta tunnelga suv bostiriladi.

2013 yil Mursiyga qarshi to‘ntarishdan so‘ng, Qohira bilan munosabatlar yanada noziklashdi. 2014 yildagi «Himoya qirrasi» operatsiyasi davomida HAMAS avval Qohirani G‘azo talablarini qondirmaslikda, adolatli vositachi emaslikda va Isroilga yordam berishda aybladi. Misr ham 2014 yildagi sulhda chegara darvozasi boshqaruvini G‘azoni nazorat qila olmaydigan Mahmud Abbos ma'muriyatiga topshirib, HAMASning «burnini yerga ishqalagan» edi.

Keyin esa HAMAS Qohiraga bilan munosabatlarni buzmaslikka harakat qilish pozitsiyasiga qaytdi.

Qohira ham terroristik tashkilot, deb hisoblovchi «Musulmon birodarlar» HAMASning Turkiya va Qatarga Falastin da'vosiga kirish kanallarini ochib berishidan xavotirlari sababli G‘azo bilan bo‘lgan munosabatlarda faqat jazolovchi rol o‘ynashdan tiyila boshladi.

2014 yildan farqli o‘laroq, Misr Isroilning hujumlarini qoralab, gumanitar yordam va'da qilish va yaradorlarga chegara darvozasini ochish orqali G‘azoni e'tiborsiz qoldirmasligini ko‘rsatdi. Sulhdan so‘ng darhol Misr yordam karvoni bilan yo‘lga chiqdi.

Misrning G‘azodagi mavqeyi

Misrning G‘azo bilan aloqalari tarixiy jihatdan ham ahamiyatga ega.

Umuman aytganda, Misrning G‘azo, Iordaniyaning G‘arbiy sohilidagi roli faqat geografik jihatdan qo‘shnilik emas, bu uning o‘tmishda ushbu mintaqalar ustidan nazorat o‘rnatganiga asoslangan.

G‘azo 1948-1967 yillarda Misr tarkibida bo‘lgan. Isroilning 1967 yildagi urushi 1994 yildagi Oslo kelishuvidan so‘ng yakunlangan. Tramp ma'muriyati Falastin da'vosini tarixga ko‘madigan shaklda Fors ko‘rfazi davlatlari bilan muzokaralar olib borish orqali Misr va Iordaniyaning mavqeyini pasaytirishga urinib ko‘rdi. Ammo birinchi to‘qnashuvdayoq bu ssenariy buzildi.

G‘azo-Sinay yarim orolining tunnellari, maxfiy yo‘llari va radikal kuchlarning kirib borishi sababli Misr, odatda, masalaga milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan yondashadi.

Misrliklar bir muncha vaqt Sinaydan uyushtirilgan hujumlar uchun HAMASni javobgar sifatida ko‘rdi. Shu nuqtayi nazardan u G‘azoning «o‘pka»si va tashqi dunyo bilan aloqa qilish nuqtasi hisoblangan chegara darvozasidan HAMASni «tarbiyalash» vositasi sifatida foydalanmoqda. Chegara darvozasi sulh bitimlarining ham eng muhim elementlaridan biri bo‘lib kelmoqda.

Binobarin, Misr nafaqat vositachilik, balki sulhning amal qilishi nuqtayi nazaridan ham o‘z rolini saqlab qolishi mumkin. So‘nggi kelishuvga muvofiq, Misr sulhning doimiy saqlab qolinishi uchun G‘azo va Tel-Avivga ikki delegatsiya yubordi.

Falastin diplomatiyasi samarasiz

Erdo‘g‘anning pozitsiyasi tomonlar o‘rtasida vositachilik qilishga imkon bermagani kabi u olib borgan Falastin diplomatiyasi ham samarasiz bo‘ldi.

«Men butun dunyoni Isroilning hujumlariga qarshi choralar ko‘rishga chaqiraman», degan da'vat bilan chiqqan Erdo‘g‘an Qatar, Pokiston, Iordaniya, Kuvayt, Malayziya, Indoneziya, Jazoir, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Iroq, Nigeriya, Liviya, Ummon va Rossiya rahbarlari bilan qo‘ng‘iroqlashdi.

Lekin Yevropa Ittifoqi rahbarlari, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashida Rossiyadan boshqa hech bir davlat bilan aloqa o‘rnatib bo‘lmadi. Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li ham parallel telefon qo‘ng‘iroqlarini olib bordi.

Diplomatik regress har qachongidan kattaroq bo‘lgan bir paytda ko‘plab rahbarlar bilan bog‘lanish, shubhasiz, Erdo‘g‘anga o‘zini yaxshi his qilishga yordam berishi mumkin. Ammo belgilangan eng oddiy maqsadlarga ham erishila olinmadi.

Maqsadlar qatorida Islom Hamkorlik Tashkiloti (IHT) yetakchilarini to‘plash va BMT Bosh assambleyasining rezolyutsiyasidan qaror chiqarish ham bor edi. Donald Tramp ma'muriyati tomonidan Quddus Isroilning poytaxti deb tan olinishidan so‘ng yuzaga kelgan keskinlikdan so‘ng Turkiya 2017 yil 6 dekabrda IHT sammitini 7 kun ichida Istanbulda o‘tkaza olgandi.

Turkiyaning sa'y-harakatlari tufayli 2017 yil 21 dekabrda BMT Bosh assambleyasi tomonidan qaror qabul qilingandi. Endilikda Volkan Bozkir boshchilik qilayotgan BMT Bosh assambleyasi urushning 10-kunida yig‘ildi, ammo qaror qabul qilinmadi. IHT ham elchilar va tashqi aloqalar darajasidagi ikkita virtual uchrashuv bilan mas'uliyatni chetlab o‘tdi.

Erdo‘g‘an BMT Xavfsizlik Kengashidan masalaga darhol aralashishini talab qildi va hatto Falastinning tinch aholisi va Quddusni himoya qilish uchun mintaqaga xalqaro himoya kuchlarini yuborish taklifini bildirdi. Chovusho‘g‘li ham ushbu taklifni BMT Bosh assambleyasida bildirdi. Biroq Malayziya va Pokistondan tashqari hech kim xalqaro himoya kuch taklifi borasida indamadi.

Sulh kabi hayotiy maqsadni emas, balki masala yuzasidan xalqaro sharoitlar nuqtayi nazaridan amalga oshirib bo‘lmaydigan taklifni bildirish Falastin-Isroil mojarosi kontekstidan ajralishni anglatadi.

Shunga qaramay, hukumat rasmiylari xalqaro sezgirlik oshishi va 11 kunda sulh tuzilishini Erdo‘g‘anning ta'siri bilan izohlamoqda. Biroq Turkiya bu qadar safarbar bo‘lmagan zamonlarda Falastinning xalqaro qo‘llab-quvvatlanishi ko‘proq bo‘lgani aytilmoqda. Bundan tashqari, xalqaro platformalarda, ayniqsa, arab dunyosida Erdo‘g‘an Falastindan siyosiy maqsadlarda foydalandi, degan fikrlar yangramoqda.

Отабек Тиллаев
Tayyorlagan Отабек Тиллаев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid