Olimlar AstraZeneca va J&J vaksinalari tromb hosil qilishi sababini aniqlashdi
Nemis olimlari guruhi AstraZeneca va Johnson & Johnson kompaniyalarining koronavirusga qarshi vaksinalari emlanganlarda tromboz hosil qilishi sababini aniqlashga muvaffaq bo‘lishganini ma'lum qilishdi. Shuningdek, ular tromblar hosil bo‘lmasligi uchun nima qilish kerakligini ham aniqlashgan.
Frankfurtdagi Getyo nomidagi universitet va Uilyam universiteti olimlari olib borgan tadqiqot natijalari Research Square nashrida chop etilgan, biroq hali xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan muhokama qilinmagan.
Olimlarning ta'kidlashicha, muammo AstraZeneca va Johnson & Johnson vaksinalarida koronavirusning “toji” - S-oqsilini inson organizmiga yetkazishda qo‘llanadigan adenovirus vektor hisoblanadi.
Ilmiy guruh rahbari professor Rolf Marshalekning aytishicha, S-oqsil koronavirus odatda oqsillarni ishlab chiqaradigan hujayra suyuqligiga emas, balki hujayra yadrosiga yetkaziladi. Natijada S-oqsil hujayra yadrosiga tushib parchalanadi va immunlash jarayoni yuz beradigan hujayra membranasiga birika olmaydigan mutatsiyalarni hosil qiladi. So‘ngra hujayralar mutant oqsillarni organizmga chiqaradi va aynan shu holat 100 ming kishidan bir nafarida tromb hosil bo‘lishiga olib keladi. Pfizer va Moderna vaksinalari esa S-oqsil genetik materialini hujayra yadrosiga emas, suyuqligiga yetkazadi. Shu sababli ushbu vaksinalar emlanganlarda tromblar hosil qilmaydi.
Olimning fikricha, ushbu muammoni S-oqsilning parchalanishi oldini olish uchun uni kodlovchi genlar ketma-ketligini o‘zgartirish bilan hal qilish mumkin.
Yevropada AstraZeneca bilan emlangan 16 mln kishidan kamida 142 nafarida tromblar hosil bo‘lishi qayd qilingan. Britaniyada esa ushbu vaksina bilan emlangan 33 mln kishidan 309 nafarida tromblar hosil bo‘lgan, ulardan 56 nafari vafot etgan.
Marshalekning ta'kidlashicha, Johnson&Johnson olimlar bilan bog‘lanib, ulardan muammoni bartaraf etish uchun tegishli tavsiyalar berishni iltimos qilgan.
Shu bilan birga, ba'zi olimlar Marshalek guruhi olgan natijalar bu boradagi ko‘plab farazlardan biri ekani va o‘z tasdig‘ini topishi uchun qo‘shimcha isbotlar talab etishini aytishgan.
Mavzuga oid
16:31 / 16.12.2024
Ukol o‘rniga krem: qoqsholga qarshi yangi turdagi vaksina yaratildi
16:51 / 25.11.2024
Bolalarda ham qo‘llash mumkin bo‘lgan maymun chechak vaksinasi tasdiqlandi
20:40 / 06.11.2024
AstraZeneca aksiyalari qiymati Xitoydagi tergovlar fonida tushib ketdi
17:48 / 01.11.2024