07:58 / 29.05.2021
5525

«O‘zkomnazorat» ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi

Foto: Getty Images

Ijtimoiy tarmoqlarda turli so‘rovnomalar, tanlovlar, aksiyalar, o‘yinlar, ulkan meros qoldirish, qoldirayotgan merosini rasmiylashtirish, tez boyib ketish to‘g‘risidagi spam xabarlar va shunga o‘xshash boshqa feyk axborotlar orqali fuqarolarning shaxsiga doir ma'lumotlarini firibgarlik yo‘li bilan o‘g‘irlash holatlari kundan kunga ko‘payib bormoqda.

Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi xabariga ko‘ra, o‘g‘irlanayotgan ma'lumotlar orasida foydalanuvchilarning ismi, familiyasi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, manzili, shaxsni tasdiqlovchi hujjati, elektron pochta va sahifasi, ID kartasi va to‘lov kartochkalari (paroli, pin-kodi), hisob raqamlari va boshqa to‘lov manbalari mavjud.

Ijtimoiy tarmoqdan olgan yolg‘on xabarga ishonib, boyish, mol-mulk egasi yoki merosxo‘r bo‘lish va katta mablag‘ egasiga aylanish niyatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari firibgarlarga o‘z shaxsiy ma'lumotlarini taqdim qilishi oqibatida jinoyat ishlariga sherik bo‘lib qolishi yoki firibgarlik qurboniga aylanishi mumkin ekani aytiladi.

“Shaxsga doir ma'lumotlar bazalari davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan ijtimoiy tarmoqdagi, shuningdek Internet tarmog‘idagi axborot resurslaridan foydalanishda o‘zingizga tegishli shaxsiy ma'lumotlarni oshkor qilib firibgarlik qurboniga aylanmang”, deyiladi ma'lumotda.

Top