O‘zbekiston | 23:53 / 01.06.2021
13010
2 daqiqa o‘qiladi

Termizda 75 mln dollarlik xalqaro savdo markazi qurilishi boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni Surxondaryoga safari davomida Termiz xalqaro savdo markazi bosh rejasi bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, bu markaz uchun Termiz tumanidan 26 gektar maydon ajratilgan. Loyiha umumiy qiymati – 75 million dollar.

Markazda mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, saralash va qadoqlash majmualari qurilib, savdo xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Zarur infratuzilma tarmoqlari barpo etiladi.

Loyihaga ko‘ra, bu yerda 1 800 ta savdo nuqtasi, 50 ming tonna yuk sig‘imiga ega logistika markazi, 400 o‘rinli ikkita mehmonxona, shifoxonalar, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonalari bo‘lishi mo‘ljallangan. Korpuslarning birinchi qavatida savdo nuqtalari, ikkinchi qavatida yengil ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish ko‘zda tutilgan.

Xalqaro savdo markazining yillik savdo aylanmasi 500 million dollar, xizmatlar hajmi 10 million dollar bo‘lishi hisob-kitob qilingan. 192 million dollarlik eksport quvvati paydo bo‘ladi.

Markazning qurilish ishlarini boshlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 10 million dollar ajratildi.

Davlat rahbari markaz binolarini yengil konstruksiyalardan qurish, viloyat tadbirkorlarini bu yerda ishlashga va eksport faoliyatiga jalb qilish, chet ellik ishbilarmonlar uchun barcha qulayliklar yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Bu yerdagi tajriba asosida, keyinchalik, boshqa qo‘shni davlatlar bilan chegara hududlarda ham shunday savdo markazlari tashkil etish zarurligi ta'kidlandi.

Termiz xalqaro savdo markazini 2022 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid